Jastin Tryudo: Kanada BMTning iqlim o‘zgarishi rejasini ortig‘i bilan bajara oladi

  • 14:58 / 08.10.2019
  • 220

Kanada hukumati BMTning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha majburiyatlarini oshirishi mumkin. Bu haqida dushanba kuni Kanadadagi parlament saylovlarida ishtirok etadigan siyosiy partiyalar rahbarlari o‘rtasidagi munozara vaqtida bosh vazir Jastin Tryudo ma’lum qildi. Bahs tafsilotlari barcha milliy telekanallarda namoyish etilgan.

– “Biz iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun ko‘proq ish qilishimiz kerakligini bilamiz. Bizning rejamiz amalga oshmoqda, bu nafaqat 2030-yilga qadar bo‘lgan maqsadlarga erishishga, balki ulardan ham oshib ketishiga imkon beradi”, – dedi u.

Tryudoning so‘zlariga ko‘ra, agar u saylovlarda g‘olib chiqsa, u boshchiligidagi liberal hukumat Kanada korxonalari uchun uglerod solig‘ini oshirish, shuningdek, keyingi yillarda Kanadada bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishga taqiq joriy etishni o‘z ichiga olgan tashabbuslarini amalga oshirishda davom etadi.

2015-yilda BMT 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qildi. Ular qashshoqlikni tugatish, sayyora resurslarini tejash va aholining farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Energiya sohasida, xususan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun shoshilinch choralar taklif etilmoqda. Buning sabablaridan biri atmosferadagi karbonat angidrid gazining ko‘payib borishidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kanada 2030-yilga kelib CO2 chiqindilarini yiliga 511 megatongacha kamaytirish niyatida. Lekin bu 2005-yilga nisbatan 30 foizga kam.

Ma’lumot uchun, Kanadada parlament saylovlari 21-oktabrda bo‘lib o‘tadi. G‘olib partiya yetakchisi mamlakat bosh vaziri bo‘ladi.

Teglar