Jyeneva 2015: Avto yangiliklar

  • 17:27 / 04.03.2015
  • 5424

Jyeneva o‘tayotgan bu yilgi avtomobillar ko‘rgazmasi premeralar soni borasida rekord qayd etmasa-da, unda kompaniyalar avtomobil ishqibozlarini befarq qoldirmaydigan superkarlarni taqdim etmoqda. Quyida Jyenevada taqdim etilayotgan bir nechta avtomobil bilan tanishasiz.

 

“Porsche” eng tezyurar “911” modelini namoyish etdi

Yangi avtomobilga 500 ot kuchiga ega to‘rt litrli motor o‘rnatilgan. Sportkar 3,3 soniya ichida tezligini noldan yuz kilometrga yetkaza oladi, 10,9 soniya ichida esa tezligi soatiga 200 kilometrga chiqadi. Avtomobilning maksimal tezligi soatiga 320 kilometr tezlik bilan cheklangan.

Avtoning og‘irligi 1420 kilogramm bo‘lib, u oddiy “911 GT3”dan 85 kilogrammga yengildir. Yangi avtomobil yaqin oylar ichida savdoga chiqadi. Uning minimal narxi 181 ming 690 yevroga teng bo‘ladi.

 

Eng kichkina “Lexus”ga to‘rt kishi sig‘adi

“Lexus” kompaniyasi to‘rt kishi sig‘adigan “LF-SA” kompakt-karini namoyish etdi. U “MINI Cooper” va “Audi A1”ga raqobatchi bo‘lishi mumkin.
Yangi modelning uzunligi 3450 millimetr, eni – 1700 millimetr, balandligi esa 1430 millimetrga teng.

Haydovchi o‘rindig‘i oldinga yoki orqaga siljimaydi, lekin rul va pedallar moslashish funksiyasiga ega.
Salonning orqa qismiga old eshikdan o‘tiladi, buning uchun old o‘rindiqlar yig‘ishtiriladi.
“Lexus LF-SA”ning ichi katta proyeksion “golografik” displeyi bilan ajralib turadi.

 

KIA yangi konseptini namoyishi etdi

Kia kompaniyasi  “Sporspace” deb nomlanuvchi yangi konseptini taqdim etdi. Yangi avtomobil dizayni Kia’ning Frankfurtdagi studiyasida Audi TT’ning birinchi avlodi intererini ishlab chiqqan Piter Shreyyer ishtirokida tayyorlandi.

Avtomobilga 2,0 litrli to‘rt silindrli “T-GDI” benzinli turbomotori o‘rnatiladi. Uning quvvati 250 ot kuchini tashkil etadi.
Avtomobilning uzunligi 4, 885 mm, eni 1, 870 mm va balandligi 1, 425 mm.ga teng bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2, 840 millimetrdir. Yukxona bo‘limi 28ta sharchadan iborat maxsus tizim bilan jihozlangan bo‘lib, ular og‘ir yuklarni tashishda yordam beradi.

 

Infiniti Jyenevada QX30 konsept-karini taqdim etadi

Infiniti QX30 konsept-karini taqdim etadi. Uzunligi 4,5 metr bo‘lgan krossoveri asosan 40 yoshgacha bo‘lgan insonlar uchun chiqarilgan bo‘lib, unda asosiy e'tibor dizaynga qaratilgan. 

Avtomobilga hajmi 2 litrli benzin-turbomotori va yetti bosqichli avtomat uzatmalar qutisi, 21 dyuymli g‘ildirak o‘rnatilgan. Salondagi o‘rindiqlar maksimal darajada yupqa qilingan bo‘lib, bu salonda o‘tirganlarning bir-birlari bilan muloqat qilishda qulayli yaratadi. 

 

“Bentley” “EXP 10 Speed 6” konseptual kupesini namoyish etadi

“Bentley” kompaniyasi “EXP 10 Speed 6 concept” konseptual sportkupesi namoyish etadi.
Ikki o‘rinli “Bentley EXP 10 Speed 6” kupesi “Continental GT” modeli uslubida tayyorlangan bo‘lib, o‘lchami va kuzov orqa qismining dizayni bois anchagina sport uslubida ko‘rinadi.

Avtomobil saloni jigarrang charmli ikkita sport o‘rindig‘i, alyuminiy, mis va olcha daraxtidan tayyorlangan uzatmalar qutisi richagi hamda 12 dyuymli sensor displey bilan jihozlangan.

“Bentley ” vakillarining aytishlaricha, yangi model kelajak avtomobili uchun namuna bo‘ladi. Modelning texnik xususiyatlari haqida hozircha ma'lumot berilmadi.

 

Audi kompaniyasi 100 kmga 1,6 litr yoqilg‘i sarflaydigan avtomobil taqdim etdi

Jyenevada Audi kompaniyasi Prologue avtomobilini taqdim etdi. Konsept V6 turbodizeli va 455 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Prologue 100 km/soat tezlikka chiqish uchun 5,1 soniya sarflaydi. Eng yuqori tezligi 250 km/soat. Avtomobil 100 km masofaga 1,6 litr yoqilg‘i sarflaydi.

Kompaniya vakillari Prologue yangi avlod avtomobili yoki A9 flagman avtomobilining davomchisi bo‘lishi haqida ma'lumot bermagan.

Avtomobil Yevropada 2015 yilning yoz oyida, Rossiyada esa 2016 yildan sotuvga chiqariladi.

 

Yangi “Mercedes-Benz Pullman”ni yarim million yevroga baholashdi

“Mercedes-Benz” “S-Class”ning eng qimmat va eng uzun versiyasi – “Pullman” limuzinini namoyish etdi. Ushbu avtomobil haqidagi batafsil ma'lumotlar fevral o‘rtalaridayoq e'lon qilingandi. Yangi ma'lumot esa uning narxi bilan bog‘liq. Dastlab yangi mashina “570 ming dollar atrofida” bo‘ladi, deb taxmin qilingandi. Endi esa “Mersedes” bu ma'lumotni rasman tasdiqladi: uning narxi 566 ming dollardan boshlanadi.

Yangi mashinaning g‘ildirak bazasi ilgarigi “Pulman”nikidan 103 millimetrga uzun va 4418 millimetrga teng. Avtomobilning uzunligi 6499 va balandligi 1598 millimetr. Limuzinni 12 silindrli 530 ot kuchiga ega olti litrli biturbomotor harakatga keltiradi.

“Pulman”ning orqa qismiga to‘rtta o‘rindiq o‘rnatilgan (bir-biriga qarama-qarshi joylashgan ikkitadan o‘rindiq).
Ikkita o‘rindiq 43,5 darajaga orqaga yotishi mumkin. Mashina “Burmester” musiqa tizimi bilan jihozlangan.
“Mercedes-Pullman” sotuvga 2016 yildan chiqadi.

 

Lamborghini o‘ta tezyurar Aventador modelini namoyish etdi

«Lamborghini» kompaniyasi «Aventador» superkarining «LP750-4 SV» deb nomlangan (Superveloce – italyancha «o‘ta tezyurar») modifikatsiyasini rasman tanishtirdi. Yangi mashinaning ilk namoyishi Jyeneva avtosalonida bo‘lib o‘tdi.

Avtomobil oddiy «Aventador»dan 50 kilogramm yengilroq bo‘ldi. Uni ishlab chiqarishda asosan, ugleplastikdan keng foydalanilgan. Masalan, eshik panellari, orqa antiqanot, o‘rindiqlar karkaslari karbondan tayyorlangan. Mashinaning og‘irligi 1 tonna 525 kilogrammni tashkil etadi.

Avtomobil 750 ot kuchiga ega 6,5 litrli V12 dvigateli bilan jihozlangan. Superkar 2,8 soniya ichida tezligini soatiga 100 kilometrga oshira oladi. Uning maksimal tezligi soatiga 350 kilometrni tashkil etadi.

“Nissan” bo‘lajak modellarining dizaynini taqdim etdi

“Nissan” kompaniyasi Jyeneva avtosaloni doirasida kelajakdagi kompakt modellar qanday uslubda ishlab chiqarilishini ko‘rsatib beruvchi “Sway” konsept-karini namoyish etdi.
Kompaniya bergan ma'lumotga qaraganda, uning uzunligi – 4010 millimetr, eni – 1780 millimetr, balandligi – 1385 millimetr bo‘ladi. G‘ildirak bazasining o‘lchami 2570 millimetrni tashkil etadi.

Ushbu prototip “Mikra”ning hozirgi avlodidan 230 millimetr uzunroq bo‘ldi, g‘ildirak bazasi esa 135 millimetrga oshdi. Mashinaning eni 155 millimetrga kengaydi va balandligi 140 millimetrga pasaydi. Dizayniga keladigan bo‘lsak, u oldingi konsept-karlar – “Lanina” va “IDx” uslubida ishlangan.
“Nissan”ning “Sway” uslubidagi ilk modeli bozorga qachon chiqishi hozircha noma'lum.

O‘qishni tavsiya etamiz: 

Mukammal avtomobillar zavodi

Yo‘l tanlamas Rolls-Royce

Noodatiy g‘ildiraklarga ega avtomobillar

Sotilmay zanglagan avtomobillar

Teglar