Jeyms Bond va Jeyson Bornlar dog‘da qoladi: Tarixdagi eng mashhur ikki tomonlama ayg‘oqchilar

  • 15:29 / 25.05.2020
  • 936

Josuslar haqidagi filmlarni yaxshi ko‘rasizmi? Ta’qiblar, maxfiy uchrashuvlar, shifr kodlari, jumboq va tergovlar. Bu kabi filmlar ortida kimlardir bo‘lgani aniq. Bu maqolada biz tarixda munosib iz qoldirgan yetti nafar eng mashhur ikki tomonlama josuslar faoliyatini e’tiboringizga havola etamiz. Ularning shaxsi qarshisida Jeyms Bond, Jeyson Born, Kingsman va boshqa agentlar hech kim bo‘lmay qoladi.

Kim Filbi

Afsonaviy sovet razvedkachisi Kim Filbi bir necha o‘n yillar davomida MI-6’da muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan. Hatto Britaniya kontrrazvedkasida boshliq bo‘lib ham ishlagan. Filbi Buyuk Britaniyadagi mashhur sovet josuslari tashkiloti “Kembrij beshligi”ga ham kirgan. Unga o‘tgan asrning 30-yillarida Arnold Deychem asos solgandi. Hozirgi kunda bu tashkilotning to‘rt nafar a’zosining ismi ma’lum. Filbi o‘z davrida ularning boshlig‘i bo‘lgan.

Urush davrida Kim Moskvaga 900dan ortiq maxfiy hujjatlarni jo‘natishga muvaffaq bo‘lgan. Yashirin faoliyati tufayli birinchi xotini – Avstriya Kommunistik partiyasining faol a’zosi Lisi Fridman undan yuz o‘girdi. Ayol erining Lenin va marksizm g‘oyalariga xiyonat qilganiga amin edi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, agent yana uylandi. Bu safar Sovet tadqiqot instituti xodimi Rufina Puxovaga. “Kembrij beshligi” fosh etilgach, u va guruhning boshqa ikki nafar a’zosi yashirincha Moskvaga olib kelindi. Agent u yerda umrining qolgan qismini o‘tkazdi va 1988-yil 11-mayda vafot etdi. Erining o‘limidan so‘ng, beva ayol turmush o‘rtog‘i bilan bog‘liq bir qancha xotiralarini nashr ettirgan.

Oleg Penkovskiy

Oleg Penkovskiy “Qahramon” nomini bekorga qo‘lga kiritmagan. Aynan uning xizmatlari tufayli yadro urushining oldi olingan. Bu shaxs SSSR Qurolli Kuchlari Bosh shtabida polkovnik bo‘lib xizmat qilgan va Gʻarbning eng muhim josuslaridan biri bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida u MI-6’ga SSSR yadro kuchlari va Xrushchevning rejalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan 5 mingdan ortiq hujjatni topshirgan. Shu tariqa amerikaliklar dushmanning qanaqa raketalari borligi va uning qanday hajmda ekanligini aniqladilar.

1961-yilda Penkovskiy Sovet hukumati tomonidan shubha ostiga olingan. 1962-yilda esa xoinlikda ayblanib hibsga olingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1963-yilda qo‘shaloq agent otib o‘ldirilgan, ammo Penkovskiy jinoyatining og‘irligi uchun krematoriyada tiriklayin yoqib yuborilgan, degan taxminlar ham mavjud. Oleg Penkovskiyning keyingi taqdiriga oid muqobil variant ham mavjud. MI-5’da ishlagan Piter Rayt ismli olim, uning SSSR manfaatlariga mos ravishda harakat qilganiga ishonchi komil. Uning fikriga ko‘ra, xiyonat va otib o‘ldirish hikoyasi o‘ylab topilgan va Penkovskiyga keyinchalik bemalol yashash uchun yangi ism va imkoniyat taqdim etilgan.

Dushan Popov

Dushan Popov taniqli 007 agentining prototipi hisoblanadi. U baland bo‘yli, o‘ziga ishongan, xarizmatik, qizlarni osongina qo‘lga kiritadigan, kiprik qoqmay yolg‘on gapiradigan shaxs edi. Ko‘pchilik uni yolg‘on gapirish bo‘yicha chempion deb hisoblagan, chunki u nemis tilida mukammal gapirgan va nemis razvedka idoralari bilan hamkorlik qilgan, shu bilan birga, butun qalbi bilan Gitlerdan nafratlangan. Dushan MI-6’da ham ishladi. Bir vaqtlar Britaniya razvedkasining iltifotiga sazovor bo‘lish uchun u boshqa agent – nemis ofitseri Yoxann Yebsenni topshirishga ko‘zi qiygan. Shundan so‘ng ularning yaqin hamkorligi boshlandi – Dushan barcha ma’lumotlarni maxfiy kod va ko‘rinmas siyoh yordamida uzatardi. Hammasi josuslik filmlarida ko‘rsatilgandek!

Germaniya tomoni Dushanga shunchalik ishongan ediki, hatto ma’lumot beruvchi Yebsen paydo bo‘lganda ham ular Popov bilan ishlashda davom etishdi. 1941-yilda agent AQShga raketa tizimlari to‘g‘risida ma’lumot olish uchun yuborilgan, ammo u kelgan zahoti Markaziy razvedka boshqarmasi direktori bilan bog‘lanib, “ikki jabha”da ishlashni boshladi.
Biroq Dushanning AQSh bilan hamkorligi uzoq davom etmadi. Amerikaliklar uning yengil turmush tarzini ma’qullashmadi va yigit ularga Pearl-Harborga qilinadigan hujum haqida ma’lumot berganida, e’tibor berishmadi va buning uchun keyinchalik qattiq afsus qilishdi.

Xumom Al-Balaviy

Xumom al-Balaviyni “Zigzag” deb ham atashgan, chunki bu odam bir vaqtning o‘zida ikki tomonlama emas, balki uch tomonlama agent edi. U Istanbulda tibbiyot fanini o‘rganayotganda unga amerikaliklar ishonch bildirishdi. Al-Balaviy hech qachon o‘zining ekstremistik qarashlarini yashirmagan, shuning uchun Markaziy razvedka boshqarmasi uni ikki tomonlama agent rolida o‘ynash uchun ideal shaxs deb bilgan.

U Afg‘onistonga yuborilganida, u yerda “Al-Qoida” bilan hamkorlik qilishi va Markaziy razvedka boshqarmasiga barcha qimmatli ma’lumotlarni yetkazishi kerak edi. Vaqt o‘tishi bilan Al-Balaviy Amerika tomoni ishonchini to‘la qozondi va “Champion” bazasida agentlar bilan uchrashib, terroristlar yetakchilaridan biri Ayman Zavohiriy to‘g‘risida ma’lumot yetkazishga va’da berdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Al-Balaviy yolg‘iz kelmagan – u o‘zi bilan bir necha kilogramm portlovchi moddalarni ham olib ketgan. Erkak o‘zini portlatib yubordi va o‘zi bilan birga Markaziy razvedka byurosining 7 nafar xodimi va ikki ofitserini ham birga narigi dunyoga olib ketdi.

Artur Ouyens

Artur Ouyens Ikkinchi Jahon urushi davridagi birinchi ikki tomonlama agent edi. Bu vaqt ichida u turli xil nom va taxalluslarni sinab ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi: nemislar uni “Jonni” va “Berman” britaniyaliklar esa “Qor” deb atashgan. Aslida kelib chiqishi bo‘yicha Artur Ouyens uyelslik bo‘lgan va bolalikdan antibritaniyacha qarashlari bilan tanilgan. Bu odam urushdan oldinroq Germaniya rasmiylari bilan hamkorlikni boshlab yuborgan.

Nemislar unga Britaniya qurollari, ularning joylashgan joylari va aerodromlar to‘g‘risida ma’lumot berishi uchun pul to‘lagan. Uzatilgan ma’lumotlar ko‘p bo‘lgani tufayli Ouyens tez orada munosib boylik to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Artur o‘zini elektr jihozlari sotuvchisi sifatida ko‘rsatib, ma’lumot yiqqan. Ammo urush boshlangandan so‘ng, Ouyens yangi bosqichga o‘tishga qaror qildi. U MI-6 bilan bog‘lanib, ular bilan shartnoma imzoladi. Endi u Angliya armiyasi haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni Germaniyaga sotib, o‘z navbatida nemis josuslari haqidagi ma’lumotlarni Britaniyaga uzatayotgan edi. Urush tugagach, Artur davlat sirlarini oshkor qilmagani uchun katta mukofot bilan nafaqaga chiqdi.

Eyms Oldrich

Eyms Oldrich taniqli sovet josuslaridan biri edi va shu bilan birga Markaziy razvedka boshqarmasining kontrrazvedka boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Amerika razvedkasiga uni ushbu tashkilotda xizmat qilgan otasi joylashtirgan. Ammo KGB agenti bilan hamkorlik qilish u uchun odatiy tijorat edi. O‘sha paytda Eyms endigina ajrashish jarayonini boshdan o‘tkazayotgan, sobiq rafiqasiga katta mablag‘ to‘lashi kerak edi.

Keyin u Markaziy razvedka boshqarmasining maxfiy ma’lumotlarini KGBga yuborish orqali pul ishlashga qaror qildi. Dastlabki hujjatlar to‘plami uchun u 50 ming dollar talab qildi, kelajakda Eymsning talabi millionlarga qadar yuksaldi. Masalan, bir marta u o‘z “hamkasbi” Sergey Fedorenkoga qarshi chaquv xati evaziga 4 million dollar egasiga aylangan. Ammo odam umri davomida o‘zining barcha boyliklarini sarf qila olmadi. Uning Vashington yaqinidagi hashamatli uyi, Jaguar avtomobili, ko‘plab qimmatbaho surat va qadimiy haykalchalari, 165 ming dollarga baholangan aksiyalar, ikkita kvartira va xotinining nomiga olingan fermasi bor edi. 1994-yilda u mol-mulki musodara qilingan holda umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bugungi kunga kelib, Oldrich o‘z jazo muddatini Pensilvaniya shtatidagi qattiq tartibli koloniyada o‘tamoqda.

Xuan Garsiya Pujol

Xuan Garsiya Pujol – mashhur firibgar, agent va avantyurist edi. Fuqarolik urushi davrida Ispaniyada u oddiy sotuvchi bo‘lib ishlagan va hayotini yaxshilash maqsadida Britaniya va Amerika razvedkasi bilan bog‘landi. Biroq Pujol taqdim etgan ma’lumotlar Britaniya va AQSh tomonini qiziqtirmadi va u boshlang‘ich josus sifatida Germaniya hukumatiga murojaat qildi. 
Germaniya tomoni unga Britaniyada josuslar tarmog‘ini tashkil etishni buyurdi. Ingliz tilini bilmaydigan Pujol London o‘rniga Lissabonga kelib qoldi. Biroq erkak o‘zini yo‘qotmasdan turli xil xarita hamda telefon kitoblari bilan qurollanib, xuddi Angliyada turgandek yolg‘on ma’lumotlar yo‘llay boshladi.

O‘ylab chiqarilgan ma’lumotlari tufayli nemislar unga katta pul to‘lay boshlagach, Britaniya razvedkasi agentga qiziqib qoldi. Shu tariqa Pujol Britaniya tomoni uchun ishlay boshladi va o‘zining 27 nafar a’zodan iborat agentlar tarmog‘ini o‘ylab topdi. Go‘yoki uning qo‘l ostida gollandiyalik styuardessa, amerikalik askar, ofis xizmatchisi va yana boshqa ko‘plab odamlar xizmat qiladigandek edi. Bunday tizimni xayolan shakllantirish uchun qanchalik boy tasavvur kerak bo‘lishini bir o‘ylab ko‘ring-a!

Hamma Pujolning yolg‘onlariga chippa-chin ishondi! Erkak hatto Britaniya va Germaniya hukumati tomonidan ikkita mukofotni qo‘lga kiritgan! 1945-yilda u o‘z o‘lim sahnasini uyushtirib, Venesuelaga qochadi. U yerda kichik bir kitob do‘konini ochib, yana 40 yil umrguzaronlik qilgan.

Teglar