Joriy yilning ikki oyi davomida 7 ming nafardan ortiq fuqaro karantin qoidalarini buzganligi uchun jazolangan

  • 12:48 / 26.05.2020
  • 46

Oliy sud matbuot xizmati O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining tarqalishi oqibatida e’ln qilingan karantin davrida fuqarolar tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar haqida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-aprelidan 26-mayga qadar mamlakat ma’muriy sudlari tomonidan jami 7 198 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bilan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi 5 309 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, shundan 4 753 nafar shaxsga nisbatan jami 4 481 188 069 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan hamda 2 076 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 271-moddasi (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) ga mufoviq 369 nafar shaxsga nisbatan ish tugatilgan. 

246 nafar shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 21-moddasi (huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish) ga asosan javobgarlikdan ozod etilib, ogohlantirilgan.