Jurnalistning o‘limi bilan bog‘liq YTHda jami 4 kishi halok bo‘lgan – Voqea tafsilotlari e’lon qilindi

  • 14:53 / 20.09.2021
  • 198

IIV YHHXBB Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tumanida sodir bo‘lgan ayanchli YTH haqida ma’lumot berdi.

Xabarda aytilishicha, joriy yilning 19-sentyabr kuni soat 23:35 larda, Xorazm viloyati, Tuproqqal’a tumani, Sarimoy qishlog‘i hududidan o‘tgan A-380 "Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining 493-kilometrida, haydovchi, 1996-yilda tug‘ilgan A.M. boshqaruvidagi "Tacuma" rusumli hamda haydovchi, 1970-yilda tug‘ilgan B.M. boshqaruvida bo‘lgan "Isuzu" rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Natijada, "Tacuma" rusumli avtomobil haydovchisi A.M. hodisa joyida, ushbu avtomobil yo‘lovchilari S.M. shifoxonaga olib ketilayotganda, R.J. va A.Q.lar shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Tuproqqal’a tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, biroz avval Xalq so‘zi gazetasi muxbiri Said Maxsumov ham mazkur YTHda vafot etgani haqida xabar berilgan edi.