“Kamp Nou” sehri: “Barsa” “Inter”dan g‘alabani tortib oldi

  • 15:04 / 03.10.2019
  • 674

Valverde jamoasi mag‘lubiyatga yaqin edi, ammo “Kamp Nou” sehri yana bir bor kataloniyaliklarga yordam berdi (2:1).

Valverde yangi narsa o‘ylab topolmadi

 “Barselona”ning “Inter”ga qarshi o‘yindan oldingi bor taktikasi bitta jihat bilan bog‘liq edi: Messi jarohatidan tuzalib, safga qayta oladimi yoki yo‘q. Kataloniyaliklar o‘z yetakchisi yordamisiz ichki chempionatda oltinchi o‘rinda borishmoqda va usiz o‘z o‘yinlarini yo‘lga qo‘ya olishmayapti. Valverdening baxtiga, sardor jarohatini davolashga ulgurdi va safga qaytib, o‘yinni ilk daqiqalardanoq maydonda boshlaydigan bo‘ldi. O‘yin zayavkasidan hatto Dembelening ham nomi o‘rin oldi, shu bilan birgalikda chap qanot himoyasining ikki vakili ro‘yxatda yo‘q edi: Firpo ham, Alba ham jarohatda, murabbiy chap qanotga o‘ng qanot himoyachisi Semeduni qo‘yishga majbur bo‘ldi. Bu tajribadan o‘tmagan variant edi, ammo murabbiyda boshqa yo‘l qolmagandi. Shu bilan birgalikda, Valverde ixtiyorida kuchli yarimhimoya chizig‘i (Buskets-de Yong-Artur) va kuchli hujum uchligi (Suares, Grizmann va Messi) bor edi.

“Inter” “Kamp Nou”ga jangovar holatda yetib kelgandi, tarkib to‘liq jangovar holatda bo‘lishi uchun birgina Lukaku yetishmasdi, u o‘yin arafasida jarohat oldi. Lekin boshlang‘ich tarkibdan o‘z vaqtida “Barselona”ga sig‘magan Aleksis Sanches joy oldi. Chililik futbolchi hamisha o‘ziga bu jamoadan joy topilmaganini adolatsizlik deb hisoblab kelgan, klub undan Neymarni afzal ko‘rgandi. Ammo vaqt shuni ko‘rsatdiki, braziliyalik yulduzga ishonmaslik kerak edi, bunisi esa Sanchesga yanada alamli: klub u kabi mehnatkash futbolchi o‘rniga doimo bir hunar ko‘rsatib yuradigan futbolchiga ishonch bildirgandi. Endi Aleksis “Kamp Nou”da o‘zini ko‘rsatishni istardi.

Mezbonlar darvozasiga tezkor gol
  Bu mavsumda “Barselona”ning o‘yini juda oddiy bo‘lganidan o‘yin qanday kechishini hakam hushtagi chalinishidan ham oldin aytish mumkin edi. Ko‘k-anorranglilar himoyachilari to‘pni bir-birlariga juda sekin uzatishar va oldingi chiziqdagilar bo‘sh hududlarga ochila olishmasdi. Bunday holatda maydon egalari tezkor gol urishiga umid qilib ham bo‘lmasdi. “Inter” esa tashabbusni o‘yin boshidanoq qo‘lga oldi va o‘yinning 120-soniyasidayoq hisob ochildi. “Xetafe” bilan o‘yinda ahmoqona qo‘polligi uchun maydondan chetlatilgan va o‘tgan dam olish kunlarida “Vilyarreal”ga qarshi o‘yinda maydonga tushmagan Langle raqib osonlik bilan o‘zidan o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ydi. Sanches bir harakat bilan Martinesni oldinga tashladi, Langle argentinalik hujumchi bilan to‘p uchun kurashni boy berdi va hujumchi deyarli qarshiliksiz ter Shtegen darvozasining uzoq burchagini aniq nishonga oldi.

“Inter” ustunlik qildi

Milanliklar jamoasi katalonlarni barcha jabhalarda ortda qoldirishdi. Ko‘k-anorranglilar to‘pni o‘zlariga bo‘ysundira olmay dambadam uni yo‘qotish bilan band bo‘lgan mahal “Inter” tezkor pas orqali osonlik bilan hujumga o‘tib ketar, mehmon jamoa himoyachilari o‘z hududlarida raqib hujumchilari bilan sichqon-mushuk o‘yini o‘ynashdan cho‘chimasdi. “Barselona” pressing qilishni eplay olmadi, italyanlar osongina qarshi hujumlar uyushtirishdi.

Himoyachilar va Busketsning doimiy xatolari natijasida Lautaro yana bir gol urishi kerak edi, ammo u negadir zarba berish o‘rniga tovoni bilan manzilsiz pas berishga qaror qildi. Birinchi bo‘lim davomida sekin harakatlangan himoyachilar tufayli ter Shtegen bir necha marta o‘zini ko‘rsatishga majbur bo‘ldi.

Stadionga yig‘ilgan muxlislar ko‘zlariga ishonishmasdi: “Inter” “Barsa” ni nafaqat tablodagi hisob bo‘yicha yengardi, balki bu g‘alaba katalonlarga xos bo‘lgan uslubda, to‘pga egalik qilish bilan, osonlik va qarshiliksiz qozonilardi. Xuddiki jamoalar liboslarini almashtirib olishgandek edi: katalonlar juda sekin va sudralib harakatlanishar, italyanlardan to‘pni olib qo‘yishning imkoni bo‘lmasdi. “Inter” o‘z darvozasi yaqinidan qiyinchiliksiz hujum boshlab raqib hududiga yetib borar, darvozabondan boshlangan odatiy hujum o‘rtacha yigirma pasdan keyin xavfli zarba berish bilan yakunlanar, “Barselona” himoyachilari esa bunga qarshi hech narsa o‘ylab topa olishmasdi. Ko‘rinib turibdiki, Konte mlanliklar jamoasi bilan ikki oydan beri ishlayotgan bo‘lsada yangi jamoa qurishga erishgan, Valverde esa ikki yarim yildan buyon yangi “Barselona”ni qurishga erishmagan. Murabbiy zarar keltirmaslik uchun hech narsaga tegmaslikka harakat qilmoqda, ammo kundan kunga holat yomonlashib bormoqda.

“Barselona” tanaffusdan keyin uyg‘ondi

Tanaffusda Valverde shogirdlariga nima degani noma’lum, ammo ko‘k-anorranglilar o‘yinning ikkinchi qismida tezroq yugura boshlashdi. Avvaliga bu natija keltiravermadi. “Barsa” intensivlikni oshirdi, lekin natijadorlikni emas. Murabbiy ikkinchi bo‘limda ham o‘zgarmagan Busketsni o‘yindan olib, Vidalni maydonga tashladi. Chililik futbolchi tayanch yarimhimoyachi o‘rniga tushirilgan bo‘lsada, jamoasi hududida emas, raqib tayanch yarimhimoyasi hududida harakat qila boshladi.

U bu yerdan turib raqibdan to‘p olib qo‘yish hamda jamoasi hujumini boshlab berish bilan shug‘ullanishga kirishdi, o‘zi ham “Inter” darvozasi tomon tahdid solib turdi. “Barsa” endi ishonchliroq harakat qila boshladi, gol ham Vidalning sa’y-harakatlari evaziga yuzaga keldi. Italyanlar esa bu vaqtga kelib biroz toliqqan va hujumlarni kamaytirib, himoyaga yota boshlagandi. Suares o‘ziga xos nostandart harakat bilan uzoq masofadan kuchli zarba yo‘lladi.

“Barselona” ikkinchi golni ham urishga rosa tirishdi, ammo ikkinchi golni ham tezda urishning imkoni bo‘lmadi. Faqat o‘yin oxirida, “Inter” futbolchilari juda toliqqan mahalda ular Messiga qarshilik ko‘rsata olishmadi, Lionel bir necha raqibni aldab, golli uzatma berdi. Birinchi bo‘limda deyarli sezilmagan Suares dublni rasmiylashtirdi.

“Inter”ga “Barselona”ni birinchi bo‘limdayoq uzil-kesil taslim qilish uchun tajriba va omad yetishmadi, qolaversa maydon egalari ter Shtegenning mahorati tufayli g‘alabaga erishishdi, ikkinchi bo‘limda esa Suares va Messi klass evaziga jamoa g‘alabasini ta’minlashdi. Germaniyalik darvozabon “Inter”ga ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olishga imkon bermagan bo‘lsa, Suares ikkita gol urdi, Messi — bu Messi, aynan u o‘nlab muvaffaqiyatli aldab o‘tishlarni amalga oshirdi, fintlari bilan raqib futbolchilarini holdan toydirdi, u birinchi golda golli pas muallifi bo‘lgan Arturni to‘p bilan ta’minlagandi, ikkinchi golda esa o‘zi golli uzatma muallifi bo‘ldi. Leo bor ekan “Barsa” yashashda davom etadi.

Chempionlar ligasi. 2-tur, F guruhi
“Barselona” (Ispaniya) — “Inter’ (Italiya) — 2:1 (0:1)
Gollar: Martines, 3 (0:1). Suares, 58 (1:1). Suares, 84 (2:1).
  “Barselona”: ter Shtegen, Serji Roberto, Pike, Langle, Semedu, de Yong, Buskets (Vidal, 53), Artur, Messi, Suares, Grizmann (Dembele, 66).
  “Inter” (Milan): Xandanovich, Godin, de Fray, Shkrinyar, Kandreva (D`Ambrozio, 71), Barella, Brozovich, Sensi (Politano, 79), Asamoa, Martines, Sanches (Galyardini, 66).
  Ogohlantirishlar: Barella, 6. Grizmann, 9. Pike, 22. Serji Roberto, 52. Vidal, 76.
  Hakam: Skomina (Sloveniya).
  2 oktyabr. Barselona. “Kamp Nou” stadioni.

Teglar