Kamroq vaqt sarflab ko‘prog‘iga ulgurish mumkinmi?

  • 09:06 / 25.01.2019
  • 2484

Vaqt va vazifalarni qanday rejalashtirishni bilmayapsizmi? Kamroq resurs sarflab ko‘prog‘iga ulgurish imkoniyatini beradigan bir necha g‘oyalar bilan o‘rtoqlashamiz.

Zudlik bilan bajarilishi kerak bo‘lgan va ahamiyatli ishlarni farqlash

Belgilangan maqsadni aniq tushunish va unga mos ravishda ishlarni ajratish muhim. Vazifalaringiz maqsad sari yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Ishlarni tezkor va muhim toifalarga ajratish zarur. Muhimlari – sizni maqsad sari olib boradigan vazifalar. Tezkor ishlar esa aynan hozir e'tibor qaratilishi lozim bo‘lganlari. Bunday ishlar har doim ham sizni belgilangan maqsad sari olib bormaydi. Masalan, iltimoslar. Ular tezkor bo‘lishi mumkin, biroq sizning resursingizni oladi va maqsadingizdan uzoqlashtiradi. Shu sabab rejalashtirgan ishingizni bajara olmaysiz.

Agar rejalashtirilmagan band paydo bo‘lsa, uni aynan hozir bajarish qanchalik maqsadga muvofiq ekanini o‘ylab ko‘ring.

Chalg‘ishlar

Diqqatni jamlash va quvvatning bir yo‘nalishga qaratilganligi – muvaffaqiyat kaliti. Chalg‘ish uchun sabab bo‘ladigan narsalar – telefon qo‘ng‘iroqlari, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni o‘chiring. Yaqinlaringizdan muayyan vaqt davomida chalg‘itmasliklarini so‘rang.

Axir tan oling, har bir chalg‘ishdan keyin yana masalaga e'tibor qaratish va vazifani bajarishga sozlanish uchun yana vaqt zarur.

Nimalar diqqatingizni bo‘lishini kuzating. Sizga bu borada nimalar xalaqit qiladi? Aynan shu omillar ish vaqtida bo‘lmasligiga harakat qiling.

Kunni rejalashtiring

Vazifalarni bilgach, kelasi kun uchun reja tuzish yaxshi amaliyot hisoblanadi. Bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni soatma-soat yozing. Bunday odat samaradorlikni oshirishga yordam beradi. Ko‘prog‘iga ulgurish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Har bir vazifaga qancha vaqt zarur ekanini tushunasiz.

Shuningdek, bu usul vazifalar ro‘yxatini ko‘rgandagi xavotir hissini ham yo‘qotadi. Ko‘pincha o‘zimiz istagan barcha narsalarga ulgurmaymiz degan his mavjud bo‘ladi. Kun uchun reja bu hisni yengish va odatdagidan ko‘prog‘ini bajarishda yordam beradi.

1-3-5 tizimi

Kun uchun reja tuzganda quyidagi chizmaga amal qilishingiz mumkin. 1-katta ish, 3-o‘rta va 5-mayda. Vazifalar ro‘yxatini tuzish va e'tibor qaratishni o‘rganayotgan ilk vaqtda bu tizim kuchni to‘g‘ri taqsimlashga yordam beradi.

Teglar