Karantin davrida MIB ham ayrim “prinsip”larini o‘zgartirmoqda

  • 13:35 / 26.03.2020
  • 244

Bugun, 25-mart kuni AOKA huzuridagi shtabda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori o‘rinbosari Shavkat Haydarov ishtirokida brifing o‘tkazildi. 

Mazkur brifingda MIB va qarzdor fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni karantin davrida tartibga solish masalasiga asosiy e’tibor qaratildi.

Unga ko‘ra, quyidagilar ta’kidlandi: 

Majburiy ijro byurosi faoliyatida fuqarolarning bevosita ishtiroki bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim harakatlarni amalga oshirishda xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish choralari ko‘riladi.

Majburiy ijro byurosi xodimlari to‘lov madaniyati va ijro intizomiga rioya etuvchi va asosiysi qarzdor bo‘lmagan fuqarolarni bezovta qilmaydi!

Karantin jarayoni fuqarolarda foydalanilgan elektr va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirmasa ham bo‘lar ekan, degan noto‘g‘ri fikrni uyg‘otmasligi lozim.

Iste’molchilar endi o‘z xonadonlaridan chiqmagan holda, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni elektron tarzda “PayMe”, “Paynet”, “Click”, “UPay” va boshqa mobil to‘lov tizimlari orqali to‘lab borishlari mumkin.

Byuroning rasmiy “mib.uz” sayti orqali iste’molchilar energiya resurslari va qattiy maishiy chiqindilar bo‘yicha mavjud qarzdorliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishlari hamda aniqlangan qarzdorliklarni elektron-onlayn tarzda bartaraf etishlari mumkin.

Byuro organlarida fuqarolarni qabul qilish masofadan turib, onlayn tarzda amalga oshirilishi joriy etildi.

Byuro faoliyatiga oid har qanday masala yuzasidan tunu-kun faoliyat ko‘rsatayotgan “Call center” markazining qisqa “1107” raqamli ishonch telefoni qabul qilinmoqda.

Bugungi karantin davrida davlat ijrochilariga quyidagi majburiy ijro etish choralarini qo‘llanishini hamda faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirilishini keyinga qoldirish tavsiya etilmoqda. Ya’ni:

–undiruvni turar joylardagi (yashash xonadonidagi) mol-mulkiga qaratish, shu maqsadda ularni xatlash va olib qo‘yish;
–ijro hujjatida ko‘rsatilgan muayyan ashyolarni qarzdor jismoniy shaxsdan olib qo‘yish va undiruvchiga topshirish;
–qarzdorni ko‘chirib chiqarish;
–undiruvchini ko‘chirib kiritish;
–yer uchastkasini olib qo‘yish va o‘tkazish;
–imorat (qurilma)ni buzib tashlash;
–bolani olib berish va topshirish.

Davlat ijrochilariga yuqoridagi ijro harakatlarini faqat kechiktirib bo‘lmaydigan hollardagina karantin qoidalariga qat’iy rioya qilib, hududiy boshqarma boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkinligi tushuntirilmoqda.

Karantin davrida aliment to‘lovlariga individual tarzda yondashiladi va holatdan kelib chiqib chora ko‘riladi. Aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida undirilishini ta’minlash maqsadida mahalla raislari, mahalla faollaridan bu borada Byuro davlat ijrochilariga yaqindan yordam berishlari so‘raladi.