Kimdir muvaffaqiyat formulasini sovg‘a qiladimi? Adashasiz...

  • 13:05 / 11.10.2018
  • 4154
Foto: Unsplash

To‘qilgan qo‘g‘irchoqlar

Er-xotin birgalikda ellik yil umr kechirishdi. Ularning bir-birlaridan yashirgan hech qanday sirlari yo‘q edi, faqatgina ayol bir qutida nimadir saqlar va eriga hech qachon uni ko‘rsatmasdi. Er bu qutini unutib ham yuborgandi. Ayol bir kuni kasalxonaga tushib qoldi. U umri tugab borayotganini sezdi va eridan o‘sha qutini ochishni so‘radi. Er qutini ochdi va ko‘zlariga ishonmadi. Uning ichida ikki dona to‘qilgan qo‘g‘irchoq va yuz ming dollardan ortiq pul bor edi. Er kasalxonaga borib xotinidan quti ichidagilar qayerdan kelib qolganini so‘radi.

— To‘yimiz kuni buvim mustahkam nikohning siri janjallashmasdan yashay olishda degandi. Har safar sizdan jahlim chiqqanida men ip olib qo‘g‘irchoq to‘qirdim, - dedi ayol.

Erning qalbi larzaga keldi. Qutida ikki donagina qo‘g‘irchoq bor edi. Demak, shuncha yil davomida ayoli faqat ikki martagina undan jahli chiqqan. U turmush o‘rtog‘ini asta o‘pdi va pullar qaydan kelganini so‘radi.

— Bu pullar shuncha yildan buyon to‘qigan qo‘g‘irchoqlarimning puli, - deb javob berdi ayol.

Sehrli ko‘prik

Dehqon o‘g‘li bilan yo‘lda ketayotgan edi. O‘g‘il otasiga nimadir haqida gapirib berar va uning gapi yolg‘on edi. Dehqon o‘g‘lining yolg‘on gapirayotganini bildi va dedi:

- O‘g‘lim, hozir oldimizda ko‘prik keladi. U oddiy emas, sehrli ko‘prik – yolg‘on gapirgan odam uning ustidan o‘tayotganida ko‘prik sinib ketadi.

O‘g‘il bu gapni eshitib qo‘rqib ketdi va yolg‘on gapirganini tan oldi.

Ota-o‘g‘il ko‘prikka yetib kelishdi va uning ustidan o‘tishayotganidan ko‘prik birdan sinib ketdi.

- Men senga yolg‘on gapirgandim, - dedi dehqon o‘g‘liga. – Sehrli ko‘priklar bo‘lmaydi.

Ba'zida o‘ylamay gapirgan gapimiz kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Foto: Unsplash

Vaqtning qadriga yet

Bir biznesmen million-million dollar pul to‘pladi. U endi ishlashni bas qilib, bir yil dunyo kezib, hordiq chiqarmoqchi bo‘ldi. Ammo bu qarorga kelib ulgurmasidan uning oldida ajal farishtasi paydo bo‘ldi.

U farishtadan ozgina vaqt so‘radi:

- Menga uch kun yashashimga imkon ber – boyligimning uchdan bir qismini beraman.

Farishta ko‘nmadi.

- Xo‘p, unda, ikki... yo‘q, uch million beraman! Menga go‘zalliklardan bahra olish va ishni deb anchadan buyon birga bo‘lmagan oilam bilan bo‘lish uchun bir kun vaqt ber.

Ammo farishta qarorida qat'iy edi.

Shunda biznesmen o‘g‘liga xat yozish uchun bir daqiqa vaqt so‘radi. Farishta unga imkon berdi.

«Vaqtning qadriga yet, o‘g‘lim, - deb yozdi kishi. – Men umrim davomida to‘plagan millionlarimga hattoki bir soat ham vaqtni sotib ololmadim».

Befoyda saboq

Bir kuni o‘rta maktablardan biriga o‘qituvchilarning darsga tayyorgarlik darajasini tekshirish uchun ta'lim vazirligidan nazoratchi keldi. U duch kelgan birinchi sinfxonaga kirdi va g‘aroyib manzaraga duch keldi: o‘qituvchi ayol stolga boshini tiragancha o‘tirar, ko‘rinishi horg‘in, bolalar esa o‘zlari bilan o‘zlari ovora, kimdir chopgan, kimdir shovqin solgan, xullas tartibsizlik hukmron edi.

– Kechirasiz, men nazoratchiman, biror muammo yuz berdimi?– so‘radi nazoratchi.

– Charchadim, janob, bu bolalarni nima qilishni ham bilmay qoldim. Na bir ko‘rgazmali qurol bor, na vazirlik bolalarga darsda namoyish etishimiz uchun biror narsa beradi... Menda ularni darsga qiziqtiradigan hech narsa yo‘q...

Nazoratchi o‘qituvchi stoli ustida yog‘och qopqoqni ko‘rib qoldi. U qopqoqni qo‘liga olib bolalarga yaxshi ko‘rinishi uchun baland ko‘tardi va sinfga murojaat qildi:

– Bu nima?

– Qopqoq! – deb javob berdi barcha bolalar jo‘r bo‘lib.

– Yaxshi, u nimadan yasalgan?

– Yog‘ochdan! Ularni maxsus mashinada yasashadi, – turli javoblar yangradi.

– Yog‘ochdan yana nimalar yasaladi? – so‘radi nazoratchi.

– Stul, stol, kema.

– Yaxshi! Mana, kemalik ham bo‘ldik. Kim kema rasmini chiza oladi? Kim doskaga chiqib xarita chizib, biz turgan joydan kemaga eng yaqin portni ko‘rsata oladi? Yana qanday port va daryolarni bilasizlar? Bu daryolar qaysi mamlakatlarda joylashgan? Balki o‘sha mamlakatlardagi mashhur qo‘shiqchi yoki shoirlarni tanirsizlar?

Nazoratchi bir vaqtning o‘zida geografiya, tarix, musiqa, adabiyotdan dars bera boshladi. O‘qituvchi turgan joyida qotib qolgandi. Nihoyat dars tugaganini anglatuvchi qo‘ng‘iroq chalinganidagina ayol o‘ziga keldi:

– Katta rahmat, janob nazoratchi. Siz menga bergan bu saboqni bir umr unutmayman.

Oradan bir oz vaqt o‘tdi. Nazoratchi o‘sha maktabga yana keldi va yana o‘sha o‘qituvchining darsiga kirdi. Va yana o‘sha manzaraga duch keldi: ayol horg‘in ko‘rinishda, stol ustida boshini egib nimanidir qidirardi. O‘quvchilar yugurib yurishar, shovqin solishardi...

– Sizga nima bo‘ldi? Meni eslayapsizmi?

– Ha, janob, albatta eslayman, sizni unutib bo‘larkanmi. Kelganingiz yaxshi bo‘ldi! Qarang, men qopqoqni topa olmayapman! Qayerga g‘oyib bo‘ldiykin?

Xulosa: Agar kimdir kelib bizga muvaffaqiyat formulasini sovg‘a qilishini kutadigan bo‘lsak, hech narsaga erishmaymiz. O‘zimiz harakat qilishimiz, tasavvurimiz, ongimizni ishga solishimiz darkor. Oldimizda turgan vazifani faqat o‘zimizgina bajara olamiz.

Foto: Unsplash

Xudoga ishonmaydigan sartarosh

Bir sartarosh mijozning sochini olarkan, Xudo haqida gap boshladi:

— Agar Xudo bo‘lsa, shuncha kasal odamlar qayerdan kelgan? Ota-onasiz bolalar, adolatsiz urushlar qayerdan? Agar U bo‘lganida edi, hech qanday qayg‘u va og‘riqlar bo‘lmasdi.

Barchani sevadigan Xudo shunday ishlarga yo‘l qo‘yishiga ishonish qiyin. Shuning uchun shaxsan men Uning mavjudligiga ishonmayman.

Shunda mijoz sartaroshga dedi:

— Bilasizmi, dunyoda sartaroshlar yo‘q. 

— Qanaqasiga? — hayron bo‘ldi sartarosh. — Ulardan biri qarshingizda turibdi.

— Yo‘q! — xitob qildi mijoz. — Sartaroshlar mavjud emas, aks holda hov anavi kishiga o‘xshagan soch-soqoli o‘sib ketgan odamlar bo‘lmasdi.

— Axir gap sartaroshlarda emas-ku! Shunchaki ular sartaroshga borishmaydi.

— Hamma gap ana shunda! — dedi mijoz. — Xudo bor. Faqat odamlar Unga intilishmaydi. Shuning uchun dunyoda qayg‘u va og‘riqlar ham bor.

 

Yaxshi hukumat qanday bo‘ladi

Bir kuni shogirdlardan biri Konfutsiydan so‘radi:

– Yaxshi hukumatning asosiy belgilari qanday bo‘ladi?

– Yegulik, qurol va xalqning ishonchi, – javob berdi Konfutsiy.

– Tasavvur qilaylik, ulardan biridan voz kechish kerak bo‘lsa, nimadan voz kechardingiz?

– Quroldan.

– Yana biridan voz kechish kerak bo‘lsa-chi?

– Yegulikdan.

– Lekin yeguliksiz xalq o‘ladi!

– Azal-azaldan o‘lim inson taqdiriga bitilgan. Ammo o‘z hukumatiga ishonchi yo‘qolgan xalqning kelajagi yo‘q.