Kollagen: U inson terisiga nima uchun zarur?

  • 22:39 / 12.06.2019
  • 530

Kollagenni ichish, teriga surtish va inʼeksiyalar ko‘rinishida yuborish mumkin. Layfxaker uni qaysi hollarda amalga oshirish mumkinligini tushuntirdi.

Foto: Layfxaker

Kollagen nima?

Kollagen muhim oqsil; u inson tanasida eng ko‘p tarqalgan oqsil sanaladi. U organizmni yaxlit butun shaklda bog‘lab turuvchi to‘qima asosi hisoblanadi. Kollagenning nomi grekcha “kolla”- yelim so‘zidan olingan. Pay, tog‘ay, tomirlar, yosh suyak to‘qimalari, mushaklar, teri  bularning barisining tuzilishi uchun ko‘p jihatdan ana shu oqsil javob beradi. Masalan, terida kollagenning miqdori 70 foizga yetadi – u terining silliqligi, taranglik va egiluvchanligini ta'minlaydi.

Agar organizmda shusiz ham kollagen mavjud ekan, nima uchun u haqida o‘ylashim kerak?

Kollagen molekulalari ko‘p hollarda uzun va ingichka oqsil tolalarini hosil qilib, yonma-yon turadi. Aynan ular prujina kabi organizm to‘qimalarini birgalikda tutib turadi va bir vaqtning o‘zida ularning mustahkam aloqasini ta'minlaydi.

Biroq kollagen tolalari – barqaror narsa emas. Ular turli omillar ta'siri ostida buzilishi mumkin:

ultrabinafsha;

harorat o‘zgarishi;

zo‘riqish;

gormonal o‘zgarishlar;

shakar va tezkor uglevodlar miqdori yuqori bo‘lgan ratsion;

chekish.

Yoshlikda bularning bari qo‘rqinchli emas. Birinchidan, zararli omillar kamroq: masalan, bolalar va yosh odamlar, odatda kamroq zo‘riqishni boshdan o‘tkazishadi. Ikkinchidan, organizm zarar yetkazilgan fibril qismlarini o‘z vaqtida to‘ldirish uchun yetarli darajada kollagen ishlab chiqaradi.

Yosh o‘tishi bilan oqsil ishlab chiqarilishi asta-sekin kamayadi. Fibrillar zararlanadi, tana esa ular o‘rnini kollagen molekulalari bilan o‘z vaqtida to‘ldirishga ulgurmaydi. Vaqt o‘tishi bilan bu barcha organlar va to‘qimalar uchun yoqimsiz oqibatlarga olib keladi  - suyak tizimi, mushaklar, qon tomirlari bilan bog‘liq muammolar ortib boradi.

Birinchi bo‘lib teri aziyat chekadi, chunki aynan u salbiy omillarni maksimal darajada qabul qiladi. Zararlangan kollagen tolalari epidermisni tekis va tarang holda ushlab turolmaydi. Terida mayda so‘ligan qismlar – ajinlar paydo bo‘ladi.

Fibrillar zararlangani sayin ajinlar chuqur va aniq bo‘lib boradi. Teri to‘qimasi esa gravitatsiya ta'siri ostida osilib qolishni boshlaydi.

Kollagen tolalarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash haqida o‘ylash kerak bo‘lgan yana bir holat – chandiqlarning mavjudligi. Ayrim hollarda kesilishlar, chuqur tirnalish va husnbuzarlar bog‘lovchi to‘qima bilan birlashadi, organizmga teri qoplamini to‘g‘ri tiklash uchun kollagen yetishmaydi. Natijada atrofik chandiqlar paydo bo‘ladi.

Agar teridagi kollagen darajasi tiklansa, atrofik chandiqlarni deyarli sezilmas darajada tekislash mumkin.

Teridagi kollagenni ushlab qolish va tiklash mumkinmi?

Umuman olganda, ha. Kollagen endogen va ekzogen kabi turlarga ajraladi.

Endogen – tabiiy, organizmning o‘zi  tomonidan ishlab chiqariladi.

Ekzogen – organizmga tashqaridan kelib tushadi.

Endogen kollagen yetishmaganida oqsil miqdorini tashqaridan kelib tushish orqali oshirish mumkin. Odatda ekzogen kollagen organizmga uch usul orqali kiritiladi:

ratsionga bioqo‘shimcha ko‘rinishida (bu ichimlik kollageni);

kosmetik vositalar orqali. Ular fibrillar eng ko‘p zararlangan joylarga surtiladi;

inʼeksiyalar yordamida.

Sintetik kollagen qayerdan olinadi?

Sintetik kollagenning uch asosiy turi mavjud:

  1. Dengizdan olingan

Bu oqsil dengiz baliqlarining terisi va tog‘ayidan olinadi. Tuzilishiga ko‘ra u tabiiy inson kollageniga eng yaqini.

2. Hayvonlardan olingan

Mazkur variant yirik shoxli mollarning terisi tog‘aylaridan ishlab chiqariladi. U sintetik kollagenning topish oson bo‘lgan turi.

3. Gidrolizli

U kollagenning butun molekulalaridan emas, uning qismlaridan iborat – muayyan aminokislotalardan ishlab chiqariladi. Gidrolizli kollagenni o‘lchamiga ko‘ra mayda qismlarga ajratilishi hisobiga u teriga chuqurroq singadi.

Xomashyo sifatida nafaqat hayvon va baliq tog‘ay to‘qimalari, balki o‘simliklar, masalan – bug‘doy oqsilidan ham foydalanilishi mumkin.

Ichimlik kollageni qanday ishlaydi?

Ichimlik kollagenining asosiy vazifasi – shaxsiy, endogen kollagen sinteziga yordam berish. Shaxsiy kollagenni ishlab chiqarish uchun organizmimiz uch asosiy tarkibiy qismlardan foydalanadi:

glitsin va prolin aminokislotalari (ular kollagen molekulalari tarkibida asosiy  rol o‘ynaydi);

S vitamini;

mis.

Ovqat hazm qilish tizimida ichimlik kollageni yuqorida aytib o‘tilgan aminokislotalargacha ajraydi. S vitamini va mis mavjud bo‘lganida fibrillar tiklanishiga xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, qariyotgan teri elastikligi va namlanish darajasini ham oshiradi.

Kollagenni qo‘shimcha sifatida qabul qilishning kamchiligi mavjud. Zarur oqsilni olganida organizm uni qayerga sarflashni o‘zi hal qiladi. Kollagen aynan teridagi tolalarni tiklash uchun ketishiga hech qanday kafolat yo‘q. Bioqo‘shimcha ichishingiz, biroq terining tashqi ko‘rinishi o‘zgarmasligi mumkin – bunga tayyor bo‘lish lozim.

Krem va boshqa kosmetikadagi kollagen qanday ishlaydi?

Kollagen molekulalari dermaga singish uchun juda katta. Demak, fibrilning zararlangan sohalarini tiklashga qodir emas.

Shunga qaramay, kollagenli krem va zardoblar teri holatini yaxshilaydi. Bu esa namlik darajasining ortishi bilan bog‘liq: kosmetik vosita teri yuzasida plyonka hosil qiladi, u esa namlik bug‘lanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Natijada epidermis mayin va to‘yingan bo‘lib ko‘rinadi.

«Plyonka» ta'sirini kuchaytirish uchun kollagenli kosmetikaga ko‘pincha gialuronli kislotani qo‘shishadi: bu tarkibiy qism birgalikda yaxshi samara beradi.

Kollagenli inʼeksiya qanday ishlaydi?

In'yeksiyalar – dermaga kerakli oqsilni yetkazishning eng ilg‘or va samarali usuli. Hayvonlardan olingan kollagen fillerlar tarixida Amerika Oziq-ovqat mahsulotlari va medikamentlar sifatini sanitar nazorat qilish  boshqarmasi (FDA) tomonidan ma'qullangan birinchi inʼeksiya bo‘ladi.

Bevosita dermaga kelib tushib, kollagen darhol bir necha funksiyani bajaradi:

zararlangan oqsil tolalarini tiklaydi;

terida shaxsiy, endogen kollagen ishlab chiqarilishiga hissa qo‘shadi;

namlikni o‘ziga tortadi – bu esa terining namligi darajasini oshiradi.

AQShda kollagen inʼeksiyalari 1981 yildan beri rasman qo‘llaniladi. Albatta, o‘sha paytdan beri yangi vositalar ham paydo bo‘lgan – masalan, mahalliy bozorda «Kollost» geli.

In'yeksiyalar xavfsizmi?

Kollagen inson uchun tabiiy biomaterial bo‘lgani uchun ko‘p hollarda qo‘shimcha ta'sir ko‘rsatmaydi. Biroq giper sezgirlik sharoitida individual reaksiyalar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun teringizni in'yeksion kollagen yordamida tiklashga qaror qilgan bo‘lsangiz, mutaxassis – dermatolog yoki tibbiy ma'lumotga ega bo‘lgan professional kosmetologga murojaat qiling. Shifokor organizmingiz holatini tahlil qilib, qo‘shimcha ta'sirlar xavfini kamaytirishda yordam beradi.

Teglar