Kollejlarni davlat-xususiy sheriklikka o‘tkazish boshlanadi

  • 16:06 / 15.05.2019
  • 461

Vazirlar Mahkamasining “Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Kasbiy malaka, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimini joriy etish to‘g‘risida quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifiga rozilik berildi:

kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun, shuningdek, mehnat bozoridagi real ehtiyojni hisobga olgan holda, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkil qilish;

belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish nodavlat markazlarida band bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlarni kasbga o‘qitishni tashkil etish;

belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bilim va ko‘nikmalarni baholash nodavlat markazlari faoliyatini tashkil qilish;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda, band bo‘lmagan aholini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbga o‘qitish markazlari va boshqa ta'lim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida kasbga o‘qitish uchun davlat buyurtmasini har yili joylashtirish;

bilim va ko‘nikmalarni baholash markazlari tomonidan muayyan mutaxassislik (kasb) bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikma darajasini tasdiqlaydigan hamda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilarning kasblari klassifikatoriga muvofiq ishchilar kasblari malaka razryadlarini berish uchun asos hisoblanadigan malaka sertifikatlarini berish amaliyotini joriy etish;

o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchilarning malaka darajasini izchil oshirib borish mexanizmini joriy qilish;

o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar va ishchi kasblar lavozimlarining kasb standartlarini ishlab chiqish, qo‘llash va yangilab borish mexanizmini joriy qilish;

ixtiyoriylik, ishonchlilik, to‘lov va shaffoflik prinsiplari asosida kasbiy bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda berishda ishtirok etish.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘gin mutaxassislar va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tayyorlash tartibi eksperiment sifatida joriy qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarni hamda ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlashni tashkil etish uchun kasb-hunar kollejlari hamda ularga biriktirilgan yirik korxonalar va klasterlar ro‘yxati tuzilgan.

Kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar hamda ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tuziladi.

Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilandi:

joylarga borib va ro‘yxatda ko‘rsatilgan yirik korxonalar va klasterlar rahbarlari bilan shaxsan uchrashuvlar o‘tkazib, yuqori malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarni hamda ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni o‘rganishni tashkil qilish;

ro‘yxatda ko‘rsatilgan yirik korxonalar va klasterlar rahbarlariga kasb-hunar kollejlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarni va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlashni tashkil etishda tomonlarning ustuvorliklari, huquqlari va majburiyatlarini tushuntirish;

kasb-hunar kollejlarida talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘gin mutaxassislarni va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni davlat-xususiy sheriklik shartlari, shu jumladan yirik korxonalar va klasterlar rahbarlarining ularni ro‘yxatga kiritish to‘g‘risida asoslantirilgan yozma buyurtmanomalari asosida asosida tayyorlashni tashkil etishni yanada kengaytirishga ko‘maklashish;

yuklama darajasi past bo‘lgan yoki rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash yoki qayta jihozlashni talab qiladigan va binolari hamda inshootlari kasbga o‘qitish markazlari va bilim hamda ko‘nikmalarni baholash markazlarini tashkil etish uchuy xususiy investorlarga berilishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar kollejlarini aniqlash.

Ishchi guruh (Abduhakimov):

a) ikki oy muddatda quyidagilarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini:

davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarni va ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlashni tashkil etish uchun ularning buyurtmanomalarini hisobga olgan holda tuzilgan kasb-hunar kollejlarining ro‘yxati;

binolari va inshootlari kasbga o‘qitish markazlari va bilim hamda ko‘nikmalarni baholash markazlarini tashkil etish uchun xususiy investorlarga berilishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar kollejlarining ro‘yxati;

Kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar hamda ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tayyorlashni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

b) kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar hamda ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tayyorlashni tashkil etish yuzasidan joriy qilingan eksperiment natijalarini tahlil qilish yakunlari bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni kiritadi.