“Kolumbda bor alamim manim...”. Amerikada irqchilikka qarshi namoyishchilar Kolumb haykalini qo‘porib tashlashdi

  • 13:19 / 11.06.2020
  • 654

Qora tanli fuqaroning oq tanli polyitsiyachi tomonidan o‘ldirilishidan boshlanib, irqchilikka qarshi kurashga aylanib ketgan harakatlar AQSh uchun koronavirusdan keyingi ikkinchi “boshog‘riq” bo‘lyapti. Massachusets shtatining Boston shahrida Amerikani kashf etgan ispaniyalik sayyoh Xristofor Kolumb (kelib chiqishi italyan) haykaliga tajovuz qilindi.  Bu haqida Boston mahalliy yangiliklar kanali xabar bergan
Hodisani sodir etgan jinoyatchilar hozircha aniqlanmagan bo‘lsa-da, bu Jorj Floydning o‘ldirilishi ortidan boshlangan va afroamerikaliklarning huquqlari uchun kurashga aylangan noroziliklarga aloqador bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 
Bundan avval ham Bostondagi Kolumb haykaliga hujumlar bo‘lgan. 2006-yilda uning boshi qulatilgan, 2015-yilda esa aynan shu haykalni irqiy kamsitishga qarshi harakatlar sabab qizil rangga bo‘yab ketishgan. 
Virjiniya shtatida esa kecha  irqchilikka qarshi namoyishga yig‘ilganlar Kolumb haykalini sindirib ko‘lga uloqtirdilar.
AQShning ba’zi shtatlarida har yili Amerika qit’asi kashf etilgani munosabati bilan o‘tkaziladigan “Kolumb kuni” tadbirlarida ko‘pchilik qatnashmaydi. Hatto Amerikaning tub aholisi va qora tanli amerikaliklar Kolumbga qarshi “Yerli xalqlar kuni”ni bayram qilishmoqda. Chunki ular Kolumbni Atlantika okeani orqali rivojlangan qul savdosini boshlagan shaxs sifatida ko‘radilar. 
Shu bilan birga, AQShda ikki hafta davom etgan “Floyd shou”larida fuqarolar urushi davrida (1861-1865-yillar) qullikni bekor qilishga qarshi kurashgan general Robert Edvard Li haykali atrofida ham shunday voqealar sodir bo‘ldi. Floydning o‘limi haqidagi noroziliklardan so‘ng general Li haykali ham qo‘porib tashlangan.

Teglar