Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sinov tarzida o‘tkaziladi

  • 13:52 / 08.11.2019
  • 118

“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi. 

Qonunda ko‘p kvartirali uy, umumiy mol-mulk kabi tushunchalar ochib berilgan.

Qanday uylar ko‘p kvartirali uy hisoblanadi?

Ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasiga yoki bunday uydagi umumiy foydalaniladigan joylarga alohida chiqish yo‘laklariga ega bo‘lgan ikki va undan ortiq kvartiralar majmui ko‘p kvartirali uy hisoblanadi.
Qonunga muvofiq, ko‘p kvartirali uyni boshqarish uy-joy mulkdorlarining umumiy yig‘ilishida belgilanadi.

Ko‘p kvartirali uyni kimlar boshqaradi?
Ko‘p kvartirali uyni boshqarish quyidagilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin:
• bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan; 

• yuridik shaxs bo‘lgan boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) bo‘lgan boshqaruvchi tomonidan shartnoma asosida;

• bitta yoki zich joylashgan bir nechta ko‘p kvartirali uyda turar joylarning va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi uy-joy mulkdorlarining shirkati bo‘lgan notijorat tashkilot tomonidan.

Qonunga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar umumiy mol-mulk joylarning mulkdorlariga umumiy ulushli mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi.

Umumiy mol-mulkni boshqaga o‘tkazish mumkinmi?
Agar umumiy mol-mulkning boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun o‘tkazilishi boshqa mulkdorlarning o‘z mulk huquqlarini amalga oshirishini cheklaydigan bo‘lsa, u boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun o‘tkazilishi mumkin emas.

Toshkent, Jizzax va Marg‘ilonda tajriba o‘tkaziladi
Qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-maygacha Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida, Jizzax va Marg‘ilon shaharlarida ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda ushbu Qonun normalarini aprobatsiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment o‘tkazadi. 

Bir oydan so‘ng tajriba yakunlari bo‘yicha takliflar kiritiladi
Huquqiy eksperiment yakunlari bo‘yicha 2020-yil 1-iyunga qadar bo‘lgan muddatda ushbu Qonun normalarini yanada takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qo‘llash to‘g‘risida Qonunchilik palatasiga taklif kiritiladi. 

Qonun keyingi yil avgustda kuchga kiradi
Ushbu Qonun 2020-yil 1-avgustdan e’tiboran kuchga kiradi.