Ko‘p qavatli binolar fasad qismidagi vertikal bog‘lar

  • 01:15 / 06.07.2019
  • 517

facte!ru sayti ko‘p qavatli binolar tashqi tomonidagi yashil o‘simliklar haqidagi maqolani taqdim etdi.

 

Unga ko‘ra, har yili shaharlarda ko‘p qavatli uylarga ega yangi tumanlar tobora ko‘payib bormoqda. Qurilish vaqtida odatda daraxtlar kesiladi, yashil o‘simliklar yo‘q qilinadi. Yashil hududlar o‘rniga beton imoratlar paydo bo‘ladi. Yashil o‘simliklarning mavjud emasligi – zamonaviy megapolislarning salbiy jihatlaridan. Chunki o‘simliklarning yo‘qligi odam salomatligiga ijobiy ta'sir qilmasligi aniq.

To‘g‘ri, bugun shahar bog‘larini yaratish va daraxtlar ekishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shahardagi ekologiya muammosini hal etishning yana bir g‘aroyib yechimi bor – ko‘p qavatli binolar yuzasida vertikal bog‘larni yaratish.

Foydali vazifasi

Bunday bezak tufayli uylar o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘ladi, ko‘kalamzorlashtirish esa havoning tozalanishiga hissa qo‘shadi. «Yashil» fasadning filtrlash vazifasi tejamkor va juda foydali.

Yana bir muhim jihat dunyoning ko‘plab megapolislari aziyat chekadigan tashqi shovqinni kamaytirish xususiyatidir. Sir emaski, shaharda mashina, odam, qurilish ishlari va yo‘l ta'mirlovlari sabab shovqin doim yetarli. Zamonaviy binolar shovqindan himoya qiluvchi materiallarni qo‘llagan holda qurilsa ham bu usul har doim ham muammoni bartaraf etolmaydi. Bino tashqi tomonini bezaydigan bog‘larni tashkil qilish esa ko‘chadagi shovqinni kamaytirish imkonini beradi. Xonadonlardagi sokinlik esa uyquni yaxshilashda qo‘l keladi.

Fasad bog‘larining yana bir ijobiy vazifasi issiqlik aylanishining ortishi. Qish kunlarida o‘simliklar issiqlikka xonadan chiqish imkonini bermaydi, yozda esa devorlarga qizib ketmaslikda yordam berib, quyosh nurlaridan himoya qiladi. Shu tariqa, harorat yil davomida qulay bo‘ladi.

Ko‘plab binolar ventilyatsion tizim bilan jihozlanmagan. Bu esa u yerda yashaydigan aholi salomatligiga ta'sir qiladi. Uyning tashqi tomonida joylashgan yashil o‘simliklar havoni filtrlashda yordam beradi. Yashash sharoiti ancha qulay bo‘ladi.

Tabiiy yashil bezak ko‘rinishidagi dizaynerlik g‘oyasi bino jozibadorligini ham oshiradi. Bu bog‘larning estetik jihatlariga tegishli. Shu bilan bir qatorda yashil rang odamning his-tuyg‘ulariga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Qaysi tomondan qaramang, ko‘p qavatli binolar tashqi tomonidagi vertikal bog‘lar bir necha ijobiy ta'sirga ega.

Ko‘kalamzorlashtirish jarayoni

Ko‘kalamzorlashtirish bilan urbanistlar shug‘ullanishadi. Ular o‘simliklarni iqlim, devorlarning kunga qaragan qaramaganligini hisobga olgan holda tanlashadi. Yuqori qavatlarga quyoshni yoqtiradigan, pastki qavatlarga esa  - soyani xush ko‘ruvchi o‘simliklar mos keladi. Qoyalarda o‘sa oladigan o‘simliklar afzal: chunki ular uchun tuproq shart emas.

Ekish ishlari ikki xil usulda amalga oshiriladi. Chirmashuvchan o‘simliklarga tirgak kerak, shuning uchun binoning fasad qismiga metall, yog‘och yoki arqondan ishlangan maxsus karkaslar bilan qoplanadi. Ko‘rinishidan qafasni esga soluvchi qurilma o‘simliklar harakati uchun asosga aylanadi.

Ikkinchi usul esa ancha murakkab. U «tirik devor» deb ataladi. Uni yaratish uchun chirmashuvchan o‘simliklardan emas, turli navli maysalardan foydalaniladi. U binoning tashqi yuzasi bo‘ylab mahkamlanadigan konteynerlarga ekiladi. O‘simlik qurib qolmasligi uchun maxsus nazorat ostida bo‘lishi lozim.

Teglar