Koreyaga rejalashtirilgan aviareyslar vaqti o‘zgartirildimi?  TIV aviaqatnovlar bo‘yicha munosabat bildirdi

  • 08:06 / 07.03.2020
  • 100

Joriy yilning 6-mart kuni anonim foydalanuvchilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda “diplomatik vakolatxonaning rasmiy saytida berilgan 2020-yil mart oyiga rejalashtirilgan aviareyslar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yolg‘on”, degan xabarlar tarqalgandi. O‘zbekistonning Koreyadagi Elchixonasi ushbu xabarlarni soxta deb, ularni rad etdi. Bu haqda Tashqi ishlar Vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Elchixona yana bir bor Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga shuni taʼkidladiki, aviaqatnovlar hech qanday o‘zgarishsiz quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

8-mart kuni – “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan (uchish vaqti 22:50 da);
15-mart kuni – “Asiana Airlines” aviakompaniyasi tomonidan;
22-mart kuni – “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan;
29-mart kuni – “Asiana Airlines” aviakompaniyasi tomonidan.

“Hurmatli vatandoshlar, sizdan har xil yolg‘on maʼlumotlarga ishonmasligingizni va savollar tug‘ilgan taqdirda “Uzbekistan Airways” AJning Seul shahridagi vakolatxonasiga quyidagi raqam orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz (+82 10-8718-6850)”, deyiladi elchixonaning rasmiy xabarida.