Ko‘rinmas xislat: muvaffaqiyatga tez erishuvchi odamlarning siri nimada?

  • 15:05 / 13.01.2020
  • 1032

Nima uchun ayrimlar biror ishni tezda uddalashadi-yu, ayrimlarda “cho‘zilgandan cho‘zilaveradi”?  Garchi ular bu ishga bir vaqtda kirishgan bo‘lsa-da. Gap iqtidordami yoki omadda?  Ruhshunoslarning fikricha, muvaffaqiyatga erishishning o‘ziga xos sirlari bor. E’tibor bering:

1.  Mansab va o‘z-o‘zini anglash
Bunday odamlar ishi yurishmay qolsa, hamma kabi xafa bo‘ladi, jahli chiqadi. Biroq aybni kimdandir emas, o‘zlaridan qidirishadi va nihoyat mavjud muammoni topishadi.  Biz esa, o‘sha ishdagi jarayonni emas, samarani ko‘ramiz, xolos.  

2.  Omad va muvaffaqiyat 
Omad bilan muvaffaqiyatning mazmunini aralashtirib yuborish kerak emas. Omad bu – insonga bo‘ysunmaydigan, tasodifiy, vaqtinchalik, noma’lum narsa. Omadli bo‘lish, albatta yaxshi, hurmat qilishadi, havas bilan qarashadi. Omadli odamlar tasodiflarga ham tayyor turishadi, baxtli tasodiflarni o‘tkazib yuborishmaydi va undan foydalanishni bilishadi. Agar insonning hayotida rang-barangliklar ko‘p bo‘lsa, omadga erishish imkoniyatlari oshadi.
Ruhshunoslar bu borada ayni voqelikka emas, agar voqelik yomon tomonga rivojlansa, nimalar sodir bo‘ladi-yu, uni bartaraf qilish uchun nimalar qilish kerakligiga e’tibor qaratish shartligini uqtirishadi. 

Odamlar ikki turga bo‘linadi. Birinchi turi shaxsiy muvaffaqiyati va omadsizligini ichki faktorlar bilan bog‘laydi: mamlakat o‘zi shunday, oilam ko‘ngildagidek emas, turmush o‘rtog‘im yomon, davr aybdor, kabi. Ikkinchilari buni o‘z harakatlari bilan bog‘laydi: “Mening intilishim, mening kuchli va kuchsiz tomonlarim, mening bilimim, mening mahoratim, mening tajribam, mening xatolarim – bularning hammasi meniki va o‘zimga bog‘liq”. 
Agar farzand bolaligidan javobgarlikni zimmasiga olishga o‘rganmasa, darsda olgan 2 bahosini  “Men tayyorlanmagan edim”, deyish o‘rniga “Ota-onam yordam bermadi”, deydi. Shuning uchun bolaga kichkinaligidan javobgarlikni o‘z zimmasiga olishni o‘rgatish lozim. 

3.  Aloqalar va atrof-muhit
Muvaffaqiyat uchun tarbiyaning ahamiyati qanday? Bunda qanday oilada tarbiya topganlik (akademikning oilasimi yoki oddiy dehqonning) qay darajada muhim? Ta’lim va atrof-muhit muvaffaqiyatga ta’sir qiladimi? Qaysi shaxsiy hislatlar muvaffaqiyatga olib keladi? 
Biz hammamiz turlichamiz: kimdir sog‘lomroq, aqlliroq, chiroyliroq, kimdir esa “bunday”roq. Agar bola diplomatlar oilasida tug‘ilsa, tabiiy, ko‘p sayohat qiladi, tillarni o‘rganadi, e’tiborli shaxslar bilan muloqotda bo‘ladi va muomala madaniyati unga kichikligidan singib boradi. Oddiy odamlarning esa muvaffaqiyat uchun tinmay o‘qishi, o‘rganishi va aqlini to‘g‘ri rivojlantira bilishi shart bo‘ladi. 
  
4.  Mehnat va ko‘mak
Biz inson qancha mehnat qilishini o‘lchay olmaymiz. Tana og‘irligini kilogrammlarda, balandligini santimetrlarda, haroratini darajalarda bilishimiz mumkin. Biroq uning mehnatini nima bilan o‘lchaymiz? Soatlarda o‘lchash zavod-fabrikalarga to‘g‘ri keladi. Bu hisobot uchun kerak, albatta. Lekin uning intellektual va ma’naviy mehnati-chi? Biror odamning muvaffaqiyati haqida o‘ylaganda buning uchun qancha mehnat, aql sarflanganini ham ko‘z oldimizga keltirishimiz, har bir iste’dod  katta mehnatga tayanishini unutmasligimiz zarur.  Bu algoritm begona shaxsning muvaffaqiyatini baholashni o‘rgatadi. 

Shuningdek, muvaffaqiyatga erishgan odamning atrofida uni ma’nan qo‘llab-quvvatlab turguvchilar bo‘ladi. E’tibor bersangiz, har qanday muvaffaqiyatli insonlarning yonida unga ishongan, u haqda qayg‘urgan va qo‘llab-quvvatlagan odamlarni ko‘rasiz.  
Bu o‘rinda moliyaviy jihatlarni ham unutmaslik kerak. Hech qaysi yirik loyiha moliyaviy himoyalanmasa amalga oshmaydi. Albatta, loyihaning moliyaviy ta’minlovchilarini izlab topish shart bo‘ladi. Bu ham oson ish emas.
 
5.  Aql va og‘riqqa tayyor bo‘lish

Muvaffaqiyatli kishilarning ko‘zga ko‘rinmaydigan yana bir jihati bor: stress, noqulayliklar va hatto, “og‘riq”li holatlar bilan oshnolik. O‘sishning o‘zi bo‘lmaydi. O‘sish “og‘riq”li bo‘ladi va ko‘p harakat talab qiladi. “Og‘riq” yo‘qotishlar, kichik muvaffaqiyatsizliklar va xatoliklarda aks etadi.
Muvaffaqiyatning yana bir muhim jihati – aql. Siz aqlsizlarning haqiqiy muvaffaqiyatga erishganini hech uchratganmisiz? O‘z imkoniyatlarini chamalash, maqsadga olib boradigan aniq rejani ishlab chiqish uchun aql kerak bo‘ladi. Kamchilik, adashish, bahs – qo‘rqinchli emas. Fikrlamay qo‘yish – qo‘rqinchli!