Koronavirus bilan kasallanganlar va ularning karantini uchun tibbiy muassasalar qurilyapti (+foto)

  • 12:58 / 26.03.2020
  • 318

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va samarali davolash choralarini kuchaytirish maqsadida qisqa fursatlarda qator shifoxonalarni barpo etish ishlari jadal boshlab yuborildi. 

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Jumladan, Toshkent shahrida uchta zamonaviy ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari bunyod etilmoqda. Birinchisi, bu 144 o‘ringa mo‘ljallangan Chilonzor tumanida yangi qurilayotgan shahar 3-sonli bolalar yuqumli kasalliklari shifoxonasi va 158 o‘rinli shahar 4-sonli bolalar kardiorevmatologiya klinik shifoxona binolari yaqin oylarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yashnabod tumanida joylashgan Toshkent stomatologiya institutining yangi qurilayotgan binosini 250 o‘rinli zamonaviy davolash muassasasiga aylantirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Mazkur bino joriy yilning may oyida foydalanishga topshiriladi.

“Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida karantin muassasasini bunyod etish uchun 55 gektar yer ajratilib, juda qisqa kunlarda qurib bitkazilish choralari ko‘rilmoqda. Yana bir yirik muassasa Zangiota tumanida bunyod etilmoqda. Shu kunlarda ushbu tumandan ajratilgan 27 gektar yer maydonida o‘n ming o‘rinli shifoxona qurilishi jadal davom etmoqda.Ushbu yangi tibbiyot mussasasi ham yaqin fursatlarda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan”, deyiladi Vazirlik xabarida.

Shuningdek, ayni paytda Andijon, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ham koronavirus bilan kasallanganlar va ularning karantini uchun xuddi shunday muassasalar qurilishi aytilmoqda.