Koronavirus chivinlar orqali yuqadimi? JSST tarqalgan mish-mishlarga aniqlik kiritdi

  • 10:55 / 26.05.2020
  • 764

Hozirgi kunda COVID‑19 koronavirusini davolaydigan preparat hali kashf etilmadi. Hozirgacha turli xildagi dori-darmonlar sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, gidroksixloroxin yoki boshqa biror preparatning COVID-19 virusini bartaraf etish qobiliyati isbotlanmadi. Jumladan, gidroksixloroxinni noto‘g‘ri qo‘llash juda ko‘p noxush asoratlarga olib keladi. Bu sog‘liq uchun og‘ir sinov va ayrim hollarda o‘limga qadar olib borishi mumkin. JSST yaqinda koronavirus tegrasida aylangan eng katta mish-mishlarga aniqlik kiritdi. Ularning qaysi biri haqiqat-u yolg‘onligini ochiqladi. 

Sho‘rvaga qalampir qo‘shib ichish COVID‑19’ning oldini ololmaydi
Ovqatga o‘zgacha ta’m beradigan bu xushxo‘r ziravor COVID‑19’ning oldini olish yoki davolash xususiyatiga ega emas. Yangi koronavirus infeksiyasidan saqlanish uchun masofa saqlash va qo‘llarni tez-tez yuvish lozim. Mustahkamlovchi vosita sifatida to‘g‘ri ovqatlanish, suyuqlikni yetarlicha iste’mol qilish va sog‘lom uyqu lozim. 

Pashsha va chivinlar COVID-19 tashuvchisi bo‘la olmaydi
Ayni paytda uydagi pashsha va chivinlar COVID-19 tashuvchisi bo‘lgan holat kuzatilmadi. Koronavirus birinchi navbatda kasallangan odam yo‘talganida, aksirganida va gapirganida og‘zidan ajralgan so‘lak orqali yuqadi. Shuningdek, virus organizmida kasallik mavjud odam biror narsani ushlaganida, tashqi yuza orqali ham yuqishi mumkin.

Metanol, etanol yoki xlordan foydalanish davolash o‘rniga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin
Metanol, etanol va xlor chinakam zahar hisoblanadi. Ularni qabul qilish sog‘liqning yomonlashuvi, va hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin. Ba’zi hollarda tozalash vositalarining tarkibiga metanol, etanol yoki oqartirish vositasi qo‘shiladi, bu esa sizga tashqi yuzadagi viruslarni yo‘q qilishga imkon beradi, ammo ularni ichga qabul qilib bo‘lmaydi. Ushbu vosita tanadagi viruslarni yo‘q qilish o‘rniga ichki organlarga zarar yetkazadi.

5G mobil tarmoqlari COVID-19 tarqalishiga ta’sir qilmaydi
Viruslar radio signallari yoki mobil to‘lqinlar orqali uzatilmaydi. COVID-19 epidemiyasi 5G tarmog‘iga ulanmagan ko‘plab mamlakatlarda ham tarqalmoqda.

Quyosh nuri yoki yuqori harorat koronavirusning oldini ololmaydi
Havo qanchalik quyoshli yoki issiq bo‘lmasin, koronavirusga chalinish mumkin. Doimiy issiq iqlim kuzatiladigan mamlakatlarda ham koronavirus holatlari kuzatilmoqda. O‘zingizni himoya qilish uchun qo‘llaringizni tez-tez va yaxshilab yuvish, ularni ko‘z, og‘iz va burunga tekkizmaslik kerak.

Koronavirus davosi bor kasallik. Uni yuqtirgan odam umr bo‘yi virus tashuvchisi bo‘lib yurmaydi
COVID-19 bilan kasallangan odamlarning aksariyati tuzalib, virusni yengishi mumkin. Agar yo‘tal, isitma va nafas qisilishi bo‘lsa, darhol tez yordamga murojaat qilishingiz kerak. Vaqtida ko‘rsatilgan yordam tufayli ko‘plab bemorlar sog‘ayib ketishdi.

Yo‘tal yoki noqulaylik tug‘dirmasdan nafasni 10 soniya yoki undan ko‘proq ushlab turish qobiliyati koronavirus yoki boshqa o‘pka kasalligi yo‘qligini anglatmaydi
COVID-19’ning eng ko‘p uchraydigan belgilari – quruq yo‘tal, charchoq va isitma. Ba’zi odamlar kasallikning pnevmoniya kabi og‘irroq formasiga chalinadi. COVID-19’ni organizmda bor-yo‘qligini tasdiqlashning eng aniq usuli bu – laboratoriya sinovidir. Yuqorida keltirilgan nafas mashqlari yordamida infeksiyani tasdiqlash mumkin emas, bu xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Spirtli ichimlik iste’mol qilish COVID-19’dan himoya qilmaydi
Tez-tez yoki me’yoridan ortiq spirtli ichimlik iste’mol qilish sog‘liq bilan bog‘liq muammolar xavfini oshiradi.

Nam iqlim COVID-19 patogeni avj olishiga sabab bo‘ladimi?
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus patogenining yuqishi har qanday iqlim sharoitida uchraydi. Quruq, nam, issiq va sovuq mintaqalarda ham. Agar siz koronavirus holati qayd etilgan hududda yashasangiz yoki biror o‘lkaga sayohat qilsangiz, iqlim sharoitidan qat’i nazar himoya choralarini ko‘ring.

Sovuq va qorli ob-havoda ochiq havoda bo‘lish, yangi koronavirusni yo‘q qilishga yordam bermaydi
Sog‘lom odamning tana harorati atrof-muhit harorati yoki ob-havodan qat’i nazar, 36,5dan 37 darajagacha bo‘lishi kerak. Shuning uchun, sovuq havoda ochiq havoda bo‘lish yangi koronavirus infeksiyasi yoki boshqa kasalliklarga qarshi kurashishga yordam beradi, deb ishonish uchun hech qanday sabab yo‘q. 

Issiq vanna koronavirusning oldini olishga yordam bermaydi
Issiq vanna qabul qilish sizni COVID-19 infeksiyasidan xalos qilmaydi. Oddiy tana harorati, vannadagi yoki dushdagi suvning haroratidan qat’i nazar, 36,5 ° dan 37 ° C gacha bo‘lishi kerak. Aksincha, juda issiq dush qabul qilish kuyishga olib kelishi mumkin. 

Elektr qo‘l quritgichlari koronavirusni yo‘q qila oladimi?
Yo‘q. Qo‘l quritgichlari koronavirusni o‘ldirmaydi. Yangi koronavirus infeksiyasining oldini olish uchun siz qo‘llaringizni alkogolli antiseptik bilan muntazam artishingiz yoki ularni sovun va suv bilan yuvishingiz kerak. Yuvilgan qo‘llar qog‘oz sochiq yoki elektr quritgich bilan yaxshilab quritilishi lozim.

Ultrabinafsha nurli lampalarni tana va qo‘llarni dezinfeksiyalash uchun ishlatmang
UV nurlari terini jarohatlab, ko‘zning shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Virusli zarrachalarni olib tashlashning eng samarali usullari tarkibida spirt mavjud bo‘lgan mahsulotlardan foydalanish va qo‘llaringizni sovun bilan yuvishdir.

Pnevmoniyaga qarshi vaksinalar yangi koronavirusdan himoya qiladimi?
Pnevmoniyaga qarshi vaksinalar, masalan, pnevmokokk vaksinasi yoki B tipidagi gemofil grippi vaksinasi yangi koronavirusdan himoya qilmaydi. Ushbu virusning kuzatilishi har kimda har-xil. Hozirda olimlar koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishga harakat qilmoqda va JSST ularga yordam bermoqda.

Burunni sho‘r suv bilan muntazam chayish yangi koronavirus infeksiyasidan himoya qila oladimi?
Yo‘q. Burunni sho‘r suv bilan muntazam yuvish yangi koronavirus infeksiyasidan himoya qilishi mumkinligi haqida ilmiy dalillar yo‘q. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, burunni sho‘r suv bilan muntazam ravishda chayish sovuqdan tiklanishni tezlashtirishi mumkin. Ammo nafas olish yo‘llari infeksiyasining oldini olish vositasi sifatidagi samaradorligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Sarimsoqpiyoz yangi koronavirus infeksiyasidan himoya qiladimi?
Sarimsoqpiyoz ma’lum bir mikroblarga qarshi xususiyatlarga ega sog‘lom mahsulotdir. Ammo infeksiyani oldini olish vositasi sifatida sarimsoqpiyozni iste’mol qilish haqida hech qanday ma’lumot topilmadi.

Keksa odamlar yangi koronavirusni yuqtirishga ko‘proq moyilmi?
Barcha yosh toifalariga yangi koronavirus yuqishi mumkin. Aftidan, keksa odamlar va ayrim kasalliklar (masalan, astma, diabet, yurak kasalligi)ga chalingan insonlarda koronavirus infeksiyasining og‘ir shakllari rivojlanish xavfi yuqori.

Antibiotiklar yangi koronavirus infeksiyasini oldini olish va davolashda samara beradimi?
Yo‘q, viruslarga qarshi antibiotiklar ishlamaydi. Ular sizga faqat bakterial infeksiyani davolashga imkon beradi. Yangi koronavirus haqiqiy virusdir, shuning uchun koronavirus infeksiyasini oldini olish va davolash uchun antibiotiklardan foydalanish kerak emas. Biroq COVID-19 infeksiyasi bilan shifoxonaga yotqizilgan bemorlarga bakterial infeksiyalarni davolash uchun antibiotiklar buyurilishi mumkin.