Koronavirus: Facebook xodimlarining yarmiga doimiy ravishda uydan ishlashga ruxsat beradi

  • 11:52 / 22.05.2020
  • 41

Facebook kompaniyasi koronavirus pandemiyasi tugagach, xodimlarining yarmiga uydan ishlashga ruxsat bermoqchi, ammo bu ishchilarga qimmatga tushishi mumkin, deb yozadi Sky News.

Bosh direktor Mark Sukerbergning ta’kidlashicha, ishchilarning qariyb 50 foizi 10 yil davomida Facebook ofislaridan tashqarida ishlashi mumkin. Biroq bu ishchilar uchun katta moddiy yo‘qotishlarga olib keladi. Kompaniya xodimlariga geografik joylashuv bo‘yicha maosh to‘laydi, shuning uchun mamlakatning arzonroq hududida yashashni xohlaganlarning maoshi tabiiy ravishda tushib ketadi.

“Masofadan ishlash rejimiga o‘tish Facebook’ning moddiy manbalariga qanday ta’sir qilishi hozircha noma’lum. 

Yo‘l sarf-xarajatlari va oziq-ovqat uchun ketadigan mablag‘ tejalsa ham, xodimlarning uy sharoitida ishlashi uchun zarur jihozlar bilan ta’minlanishi qimmatga tushishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Oldinroq Twitter kompaniyasi uydan ishlashni istagan barcha ishchilarga kelajakdagi faoliyatini ham masofadan turib davom ettirishiga ruxsat berishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandik.