Koronavirus: Iqtisodiy faollikning pasayishi va aholi daromadlarining qisqarishi nimalarga olib keldi?

  • 12:17 / 15.04.2020
  • 192

Markaziy bank koronavirus pandemiyasi fonida mamlakatdagi iqtisodiy faollik va makroiqtisodiy prognozlar bo‘yicha ma’lumotini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning mart oyidan boshlab jahonda va asosiy savdo-hamkor davlatlarda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan choralarning kuchaytirilishi, neft narxining pasayishi, talab hajmining qisqarishi natijasida iqtisodiy o‘sish va faollik ko‘rsatkichlarining pasayish prognozlari kuchayib boryapti. 

Iqtisodiy faollikning pasayishi va aholi daromadlarining qisqarishi, o‘z navbatida, ichki talabning sezilarli darajada pasayishiga olib keladi.

“Koronavirus pandemiyasining davomiyligi va global iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha noaniqliklarning yuqoriligi sharoitida O‘zbekiston YAIM real o‘sishining 2020-yil bo‘yicha bazaviy prognozlarini qayta ko‘rib chiqish qo‘shimcha tahlillarni taqozo etmoqda. Bu boradagi Markaziy bank xulosalari tahliliy hisob-kitoblar yakunlanganidan so‘ng e’lon qilinadi”, deyiladi Markaziy bank ma’lumotida.

Qayd etilishicha, iqtisodiy faollikning pasayishi, birinchi navbatda, bank tizimi orqali amalga oshirilayotgan tranzaksiyalar sonida o‘z aksini topmoqda. Xususan, 2020-yil mart oyida banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 foizga qisqardi. 

2020-yil aprel oyining dastlabki 10 kunligida to‘lov terminallari orqali amalga oshirilgan to‘lov tranzaksiyalari hajmi ham mart oyining mos davriga nisbatan 25,9 foizga kamaydi.  

Shuningdek, O‘zbekiston tovar xomashyo birjasida amalga oshirilgan bitimlar sonida ham sezilarli darajada pasayish kuzatildi. Xususan, aprel oyining dastlabki ikki haftasida amalga oshirilgan xaridlar summasi mart oyining mos davriga nisbatan 28 foizga kamaygan. 

Iqtisodiyotni kreditlash faolligida ham ma’lum bir pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. 2020-yil yanvar-aprel oylarida tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldig‘i o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 foiz bandga sekinlashib 7 foizni tashkil etdi.

Banklar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning 16,4 trln. so‘mlik kreditlari bo‘yicha to‘lov muddatlari uzaytirib berildi. Bu, o‘z navbatida, banklarga pul oqimlarining kirib kelishi tomonidan ularning kreditlash imkoniyatining ma’lum bir darajada qisqarishiga olib keladi.