Koronavirus Pasxa oroliga ham yetib bordi

  • 09:32 / 25.03.2020
  • 33

Kecha, 24-mart kuni Pasxa orolida (Chili)  koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etildi. Bu haqda mahalliy hokimiyat ma’lumotiga tayanib, RIA Novosti nashri xabar berdi.

Tinch okeanida joylashgan Pasxa oroli dunyodagi eng olis aholi yashaydigan orol hisoblanadi. U Chili sohillaridan 3514 km, eng yaqin aholi punkti – Pitkern orolidan 2075 km uzoqlikda joylashgan

“Biz hamjamiyatimizda COVID-19’ga chalinish bo‘yicha ilk holat tasdiqlanganini afsus bilan xabar qilishga majburmiz. Gap ahvoli barqaror bo‘lgan yoshi katta odam haqida bormoqda”, deb ma’lum qilgan orolning mahalliy kengashi.

Shuning uchun orol ma’muriyati aholini koronavirus tarqalishi oldini olish bo‘yicha choralarga amal qilishga chaqirgan. Odamlarga bir-birlariga bir metrdan kamroq masofaga yaqinlashmaslik, yo‘talganda yoki aksirganda og‘izni qo‘l bilan yopish, qo‘llarni tez-tez yuvish tavsiya qilingan.