Koronavirus: Yaponiya ham JSSTdan shubhalanmoqda

  • 11:46 / 17.05.2020
  • 467

Yaponiya Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining koronavirus pandemiyasiga qarshi dastlabki choralari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqchi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe ma’lum qildi.

“Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda adolatli va mustaqil tekshiruv o‘tkazishimizni taklif qilaman”, dedi bosh vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu taklif 18-may kuni boshlanadigan JSST Bosh assambleyasida e’lon qilinadi.

Tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegi ham bosh vazir taklifini qo‘llab-quvvatlashini va tergov mustaqil organ tomonidan olib borilishi kerakligini aytdi.

“Bu kasallik butun dunyoga halokatli ta’sir ko‘rsatdi. Ma’lumotlar mamlakatlar o‘rtasida oshkora va o‘z vaqtida yetkazilishi kerak”, dedi Motegi COVID-19 haqidagi parlament yig‘ilishida. 

Eslatib o‘tamiz,  Donald Tramp Xitoy tarafini olgan JSSTni tanqid qilib, uni moliyalashtirishni to‘xtatgan edi.