Koronavirusga chalingan bemorning kim bilan muloqot qilganligini ko‘rsatuvchi mobil ilova joriy etiladi

  • 13:12 / 12.06.2020
  • 441

 O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorning kim bilan muloqot qilganligini ko‘rsatuvchi mobil ilova joriy etiladi.
 
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda maʼlum bo‘ldi.
 
Muloqot avvalida, Alisher Shadmanov koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda, shuningdek,  ushbu mamlakat mutaxassislari bilan hamkorlikda Toshkentda to‘rtinchi avlod Bolalar milliy tibbiyot markazini bunyod etishda Koreya Respublikasi tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun chuqur minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Suhbat davomida ikki mamlakat vazirlari mamlakatda Koreyaning yetakchi tibbiyot universitetining filialini ochish, tibbiyot klasterini tashkil etish masalalarini keng muhokama qildilar.
 
Eng muhimi, ikki davlat vazirlari O‘zbekistonda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “COVID-19” ga qarshi mobil ilovalarini yaratib, treking usulini joriy etish borasida kelishuvga erishdilar. Bu esa xuddi Koreyadagidek koronavirusga chalingan bemorni kim bilan muloqot qilgan va kaysi xududlarda bo‘lganligini innovatsion tarzda aniq ko‘rsatib berish imkoniyatini yaratadi.
 
Bundan tashqari, hamkorlikda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda testlar va dorilarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama etildi. Jumladan, “COVID-19” qarshi vaksinani birgalikda klinik sinovlarini o‘tkazish to‘g‘risida ham kelishuvga erishildi. O‘z navbatida Koreya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu ushbu vaksinani dunyo mamlakatlariga taqdim etishda O‘zbekiston alohida ustuvor mavqega ega bo‘lishini taʼkidlab o‘tdi.
 
Samarali kechgan muzokaralar yakunida Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston – Koreya hamkorligi markazining imkoniyatlarini yana-da kengaytirishga ham kelishib olindi.
 
Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu o‘tgan yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash aʼlochisi” ko‘krak nishoni hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Faxriy professori unvoni bilan taqdirlangan edi.