Koronavirusni inkor etgan prezident undan vafot etdi

  • 09:41 / 10.06.2020
  • 1662

 Koronavirusning oldini olish, tarqalmasligi choralarini ko‘rish va unga qarshi kurashish zaruratini inkor etgan Afrikadagi Burundi davlatining prezidenti Pyer Nkurunziza koronavirusdan vafot etdi. Bu voqea 8-iyun kuni sodir bo‘lgani va o‘lim yurak to‘xtashi oqibatida yuzaga kelgani haqida hukumatning Twitter’dagi rasmiy saytida xabar berilgan. O‘shanda mahalliy OAV Pyer Nkurunziza turmush o‘rtog‘i bilan shifoxonaga yotqizilgani, unga COVID-19 tashxisi qo‘yilgani haqida yozgan edi: manbalarga ko‘ra, u koronavirusni yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin

Esingizda bo‘lsa, 20-mayda Burundida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan, ungacha butun mamlakat bo‘ylab olomon to‘plangan saylov oldi kompaniyalari avj olgan edi. Jurnalistlar aynan ana shu voqelik aholining hayot uchun xavfli bo‘lgan koronavirusni ommaviy yuqtirib olishiga sabab bo‘lgan, deb hisoblamoqda. Hukumat koronavirusning xavfi va zarari haqida hech qanday agitatsiya ishlarini olib bormagan: Nkurunziza va uning tarafdorlari pandemiyaga qarshi kurash uchun hech qanday choralar ko‘rmagan.

2018-yilning may oyida Burundi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritilgan edi. Unga ko‘ra, prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan (ketma-ket ikki muddatdan ortiq nomzod qo‘yish cheklangan), bosh vazir lavozimi qaytarilgan va bosh vazir o‘rinbosarlari soni qisqartirilgandi. 2015-yilgi prezident saylovlarida Nkurunziza uchinchi marta qayta saylangan va 2020-yildagi saylovlarga o‘z nomzodini qo‘ymagandi. 15 yil eng yuqori lavozimda o‘tirgan Pyer Nkurunzizaning xizmat muddati 2020-yilning avgust oyida nihoyasiga yetar edi.