Kosonsoyliklarning murojaati ijobiy hal etildi: yangi maktab va bolalar bog‘chasi foydalanishga topshiriladi

  • 13:16 / 01.05.2020
  • 48

Kosonsoy tumanida 8,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilayotgan 420 o‘rinli maktab sentyabr oyida ish boshlaydi. 

Xabardor.uz muxbirining Prezident Xalq qabulxonasi Axborot xizmatiga tayanib ma’lum qilishicha, Kosonsoy tumani “Jar” mahallasi aholisini maktab masalasi yillar davomida qiynadi. Qishning chillasiyu yog‘ingarchilik kunlarda uzoq masofa bosib qo‘shni qishloqqa ilojsiz qatnab ta’lim olayotgan yoshlar uchun bu masalaga nuqta qo‘yildi. Nabixon ota Salomovning mahalla nomidan Xalq qabulxonasiga qilgan murojaati qisqa fursatlarda ko‘rib chiqilib, ijrosiga kirishildi. 8,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilayotgan 420 o‘rinli maktab sentabr oyida ish boshlaydi.

Shuningdek, Kosonsoy tumani “Bahoriston” mahallasi fuqarolarining yangi bolalar bog‘chasiga zarurati yuzasidan qilgan murojati ham tez orada o‘z yechimini topdi. Qishloqda mazkur 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim maskani endi  bolajonlar uchun xizmat qiladi. Karantin tadbirlari tugashi bilanoq bu maskan kichkintoylarni o‘z bag‘riga oladi.  

Ma’lumot uchun, joriy yilning birinchi choragi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasiga aholi tomonidan jami 2 091 ta murojaat kelib tushgan. Ularning  aksar qismi, ya’ni 90 foizi tezkorlik bilan hal etilgan.