Kuchli armiyalar reytingi: dunyoning eng yaxshi 10 ta qurolli kuchlari

  • 10:17 / 14.01.2020
  • 20392

Qadim zamonlardan beri qurolli kuchlar har qanday mamlakat mustaqilligi va fuqarolar xavfsizligining asosiy kafolati bo‘lib kelgan. Diplomatik va davlatlararo shartnomalar ham xalqaro barqarorlikning muhim omillaridir, ammo harbiy mojarolar haqida gap ketganda ularning zig‘irchalik ahamiyati qolmaydi. Ukrainadagi voqealar buning yaqqol dalilidir. Bugun butun dunyo bo‘ylab qaysi davlat armiyasi kuchli ekanligini sarhisob qilamiz. 

Bugungi kunda dunyoda qurollangan 160 dan ortiq armiya mavjud. 

Tarixdagi eng buyuk qo‘mondonlardan biri, Fransiya imperatori Napoleon I “katta batalyonlar hamisha haq”, deb ishongan, ammo hozirgi vaqtda vaziyat biroz o‘zgargan.

Shuni anglash kerakki, zamonaviy armiyaning kuchi nafaqat uning soni bilan balki, qurol-yarog‘ining samaradorligi, jangchilarni tayyorlash uslubi va ularning ruhiyati (motivatsiyasi) bilan ham o‘lchanadi. Zamonaviy harbiy qurollar juda qimmat turadi. Yangi tank yoki qiruvchi samolyotning narxi o‘n millionlab dollarni tashkil etadi. Shuning uchun faqat juda boy davlatlargina katta va kuchli armiyaga ega bo‘ladi.

Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan keyin yana bir xavf – yadro qurollari paydo bo‘ldi.  Bugungi kunda ikki davlat eng katta yadro arsenallariga ega – Rossiya va AQSh. Ammo bunday davlatlar soni 10 taga yetgan. Agar ularning o‘rtasida ziddiyat chiqqudek bo‘lsa, sivilizatsiyamiz butunlay barham topishi aniq.  

Internetda dunyodagi eng kuchli armiya kimniki degan savol tez-tez muhokama bo‘lib turadi. Bu savol biroz noto‘g‘ri, chunki armiyalarni faqatgina to‘liq ko‘lamli urush taqqoslashi mumkin. Biroq qurolli kuchlarning qudratliligi yoki zaifligini aniqlaydigan boshqa omillar ham bor. Masalan, quyidagi reytingni tuzishda qurolli kuchlarning soni, ularning texnik bazasi, harbiy-sanoat kompleksining rivojlanishi, armiya an’analari, shuningdek, moliyalashtirish darajasi hisobga olingan.

Dunyodagi eng kuchli 10 ta armiyaning reytingini tuzishda yadroviy qurol mavjudligi omili hisobga olinmadi.

Demak, dunyoning eng kuchli armiyalari bilan tanishing:


10. Germaniya.

a1

Sayyoramizdagi eng kuchli armiyalar Top-10 taligini Germaniya Federativ Respublikasi qurolli kuchlari ochib beradi. Mazkur davlat armiyasining tarkibida quruqlikdagi kuchlar, dengiz floti, aviatsiya, sog‘liqni saqlash xizmati va front orti xizmati mavjud.
Bundesver qurolli kuchlari 186 ming kishidan iborat, Germaniya armiyasi to‘liq professionaldir. Mamlakatning harbiy budjeti 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Mazkur reytingning boshqa ishtirokchilariga nisbatan kam sonli bo‘lishiga qaramay, nemis armiyasi juda yuqori tayyorgarlikka ega, eng yangi qurol-aslahalar bilan jihozlangan. Shuni ham ta’kidlash kerakki, mamlakatning harbiy-sanoat kompleksi – Germaniya tanklari, samolyotlari, qurol-yarog‘lari dunyodagi eng yaxshi harbiy aslahalardan biri hisoblanadi.
Germaniya kuchli o‘ntalikning yuqoriroq pog‘onalaridan o‘rin olishi mumkin edi. Biroq hozirda mazkur mamlakatda tinchliksevarlik siyosati hukm surmoqda. Aftidan, nemislar o‘tgan asrda yetarlicha jang qilishgan, shuning uchun endi ularni harbiy sarguzashtlar qiziqtirmayapti. Bundan tashqari, Germaniya ko‘p yillardan beri NATO blogiga a’zo, shuning uchun u har qanday harbiy tahdid yuzaga kelganda AQSh va boshqa ittifoqchilarning yordamiga umid qilishi mumkin.

9. Fransiya

a2

Reytingizmizda 9-o‘rin boy harbiy an’analarga ega bo‘lgan, mudofaa sanoati yaxshi rivojlangan Fransiyaga nasib qildi. Mazkur mamlakatning armiyasi 222 ming kishidan iborat. Mamlakatning harbiy budjeti 43 milliard dollarni tashkil qiladi. Fransiyaning harbiy-sanoat kompleksi o‘z armiyasini deyarli barcha zarur qurollar bilan ta’minlaydi. Ya’ni ularda qurol-yarog‘dan tortib tanklargacha, samolyotlardan tortib sun’iy yo‘ldosh razvedkalarigacha bor. 
Shuni ta’kidlash kerakki, fransuzlar nemislar singari tashqi siyosiy masalalarni harbiy yo‘l bilan hal qilishga intilishmaydi. Fransiyaning qo‘shni mamlakatlar bilan bahsli hududlari-yu, muzlatilgan mojarolari yo‘q.

8. Buyuk Britaniya

a3

Buyuk Britaniya reytingimizda sakkizinchi o‘rinni egalladi. Britaniya qurolli kuchlarining soni 188 ming kishidan tashkil topgan. Mamlakatning harbiy budjeti 53 milliard dollarni tashkil qiladi. Inglizlar tank, samolyot, harbiy kema va kichik qurollarni ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan juda yaxshi harbiy-sanoat kompleksiga ega.
Angliya dengiz-harbiy floti kuchliligi bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Uning tarkibida yadroviy suvosti kemalari bor. Bundan tashqari, mamlakat dengiz floti uchun ikkita yengil avianosets (samolyot tashuvchi) qurilmoqda.
Buyuk Britaniya armiyasi maxsus operatsiyalar o‘tkazadigan dunyodagi eng yaxshi qurolli kuchlardan biri hisoblanadi. 
Buyuk Britaniya AQSh aralashgan deyarli barcha harbiy mojarolarda (Iroq, Afg‘onistondagi birinchi va ikkinchi mojarolar) ishtirok etmoqda. 

7. Turkiya

a4-1

Ushbu mamlakat Yaqin Sharq musulmon qo‘shinlari ichidagi eng kuchli armiyaga ega. Kuchli jangovar qobiliyatga ega bo‘lgan yanicharlar avlodlari Isroil armiyasidan keyingi o‘rinda turadigan kuchli armiya hosil qilishga muvaffaq bo‘lishgan. Shuning uchun Turkiya reytingimizning yettinchi pog‘onasidan joy oldi.
Turk qurolli kuchlari 510 ming kishidan iborat. Ammo bu mamlakatning harbiy budjeti 18 milliard dollarni tashkil etadi. Turklarning eng yaqin ittifoqdoshi AQSh hisoblanadi. 
Turkiya ko‘plab zirhli transport vositalari (3370 tanklar)ga va jangovar samolyotlarga ega (mingdan ortiq). Lekin tanklarning aksariyati eskirgan modellar hisoblanadi. Turk harbiy dengiz-floti Qoradengizdagi eng kuchlisi bo‘lib, zamonaviy suvusti va suvosti kemalariga ega. Mamlakat harbiy-sanoat kompleksini faol rivojlantirmoqda, bunga NATO mamlakatlari va yaqindan Rossiya yordam bera boshladi. 
Turk armiyasining yana bir kuchi bu katta jangovar tajribaning mavjudligidir: ko‘p yillardan beri turklar o‘z chegaralarida turli xil terror tashkilotlariga qarshi kurashib kelishmoqda.

6. Yaponiya

a5

Reytingimizning 6-o‘rinini egallagan Yaponiyada rasmiy maqomga ega bo‘lgan armiya umuman yo‘q. Mazkur mamlakatning qurolli kuchlari “o‘z-o‘zini himoya qilish kuchlari” nomi bilan ishlaydi. Bu tashkilot 247 ming kishidan iborat va u, askarlar soning ko‘pligi bo‘yicha Tinch okeani mintaqasida to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Yaponiyaliklar qo‘rqadigan asosiy raqiblar Xitoy va Shimoliy Koreya hisoblanadi. Bundan tashqari, yaponlar Rossiya bilan hali ham tinchlik shartnomasini tuzmagan.

Yaponiya o‘zinining havo kuchlari, quruqlikdagi kuchlarga va dunyodagi eng kuchli harbiy dengiz-flotiga ega. Yaponiyada 1600 dan ortiq jangovar samolyotlar, 678 ta tank, 16 ta suvosti kemasi va 4 vertolyotnosets (vertolyot tashuvchi kema) mavjud.

Bu mamlakat dunyoda uchinchi yirik iqtisodiyotga ega, shuning uchun Yaponiyaga o‘z armiyasini saqlash va rivojlantirish uchun katta pul ajratishi qiyin emas. Yaponiyaning harbiy budjyeti 47 milliard dollarni tashkil etadi.

Alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatning harbiy-sanoat kompleksi yuqori darajada rivojlangan – Yaponiya qurolli kuchlari o‘zining texnik jihozlari bilan dunyodagi eng yaxshi qurolli kuchlardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda Yaponiyada beshinchi avlod qiruvchi samolyotini yaratish g‘oyasi ustida ishlanmoqda, uning kelgusi yillarda tayyor bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Bundan tashqari, Yaponiya AQShning eng yaqin ittifoqchilaridan biridir. Mamlakatda Amerika bazalari mavjud, AQSh Yaponiyani eng yangi qurol-aslahalar bilan ta’minlaydi. Shunga qaramay, Yaponiya mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. 

5. Janubiy Koreya

a6


Reytingimizdagi beshinchi o‘rinni Janubiy Koreya egalladi. Mazkur mamlakatda jami 630 ming kishidan iborat bo‘lgan, Xitoy va KXDRdan keyin uchinchi o‘rinda turuvchi qurolli kuchlar mavjud. Janubiy Koreya 60 yildan buyon urush holatida yashamoqda – Pxenyan va Seul o‘rtasida urush hamon davom etayotganligi uchun tinchlik o‘rnatilmagan. KXDR qurolli kuchlarining soni deyarli 1,2 million kishini tashkil etadi. Shimoliy koreyaliklar o‘zlarining janubiy qo‘shnilarini asosiy dushman deb bilishadi va doimo urush bilan tahdid qilishadi.

Bunday vaziyatda Janubiy Koreya o‘z armiyasini rivojlantirishga katta e’tibor berishi aniq. Har yili mudofaa ehtiyojlari uchun 33,7 milliard dollar ajratiladi. Janubiy Koreya armiyasi nafaqat o‘z mintaqasida, balki butun dunyoda eng yaxshi qurollangan harbiy kuchlardan biri hisoblanadi. Janubiy Koreya AQShning mintaqadagi eng yaqin va sodiq ittifoqchilaridan biridir, shuning uchun amerikaliklar Seulni eng yangi qurol-aslahalar bilan ta’minlaydi va mamlakatda AQSh bazalari mavjud. Shuning uchun, agar KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi mojaro boshlansa, shimolliklarning (son jihatdan ustunlikka qaramay) g‘olib bo‘lishi katta shubha ostida qoladi.

4. Hindiston

a7

Hindiston qurolli kuchlari kuchli o‘ntalik reytingimizning to‘rtinchi o‘rinida. Mazkur mamlakat 1,325 million kishidan iborat bo‘lgan qurolli kuchga ega. Iqtisodiyoti rivojlanib borayotgan bu davlat mudofaa ehtiyojlari uchun, taxminan, 50 milliard dollar sarflaydi. 

Hindiston yadroviy qurolga egalik qilishdan tashqari, qurolli kuchlarining soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Buning izohi oddiy: mamlakat o‘z qo‘shnilari – Xitoy va Pokiston bilan doimiy mojaroda. Hindistonning yaqin tarixida Pokiston bilan uchta qonli urush va ko‘p sonli chegara bilan bog‘liq hodisalar yuz bergan. Bundan tashqari, Xitoy bilan hal qilinmagan kuchli hududiy tafovutlar ham mavjud.

Hindiston hukumati har yili yangi qurol sotib olish uchun katta mablag‘ sarflaydi. Avvallari hindlar Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollarni sotib olishgan bo‘lsa, endilikda G‘arb modellarini afzal ko‘rishmoqda.

Bundan tashqari, mamlakat rahbariyati o‘zining mudofaa sanoatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Bir necha yil oldin “Hindistonda bajaring” shiori ostida mudofaa sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yangi strategiya qabul qilingan. Endilikda hindlar armiyasini qurollantirish uchun o‘z mamlakatlarida qurol-aslahalar ishlab chiqariladigan korxonalar ochishga ko‘proq e’tibor berishmoqda. 

3. Xitoy

Армии Мира

Kuchli armiyalarning kuchli o‘nligidan iborat reytingimizning uchinchi pog‘onasida Xitoy xalq-ozodlik armiyasi (PLA) turibdi. Bular sayyoramizdagi eng katta qurolli kuchlar bo‘lib, 2,333 million kishini tashkil qiladi. Xitoyning harbiy budjeti (126 milliard dollar) dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 

Xitoy Qo‘shma Shtatlardan keyin ikkinchi qudratli davlat bo‘lishga intilmoqda. 
Bugungi kunda xitoyliklar 9,150 ta tank, 2860 ta samolyot, 67 ta suvosti kemasi, ko‘p sonli jangovar samolyotlar va ko‘p sonli raketa tizimlari bilan qurollangan. Ancha vaqtdan beri XXRda aniq qancha jangovar qurollari mavjudligi borasida bahslar bo‘lib o‘tmoqda. Rasmiy raqam bir necha yuzni tashkil etadi, ammo ba’zi ekspertlarning fikricha, xitoyliklar kattaroq tarkibga ega.

Xitoy armiyasi o‘zining texnik darajasini doimiy ravishda yaxshilab bormoqda. Agar o‘n-o‘n besh yil avval HOAK tomonidan ishlatiladigan harbiy texnikaning ko‘p qismi sovet modellarining eskirgan nusxalaridan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda vaziyat tamomila o‘zgargan. Hozirgi vaqtda Xitoy beshinchi avlod qiruvchi samolyotini yaratish ustida ishlamoqda, uning tank qurilishi va raketa qurollari sohasidagi so‘nggi texnikalari Rossiya yoki G‘arbda ishlab chiqarilgan modellardan kam emas. Harbiy-dengiz kuchlarini rivojlantirishga ham katta e’tibor berilmoqda: yaqinda Xitoyning harbiy-dengiz flotida birinchi avianosets (sobiq Varyag Ukrainadan sotib olingan) paydo bo‘ldi.

Xitoyda juda katta resurslar (moliyaviy, insoniy, texnologik) mavjudligini hisobga oladigan bo‘lsak, ushbu mamlakatning qurolli kuchlari kelgusi yillarda reytingimizning birinchi o‘rnini egallab turgan davlatlar uchun kuchli raqibga aylanadi.

2. Rossiya

Russian soldiers march in Moscow's Red Square during Friday's Victory Day parade, a show of military might amid tensions in Ukraine following Moscow's annexation of Crimea.

Mazkur reytingda Rossiya qurolli kuchlari ikkinchi o‘rinni band etdi. 
Harbiylar soni bo‘yicha Rossiya armiyasi AQSh, Xitoy, Hindiston va Shimoliy Koreyadan keyin beshincha o‘rinda turadi. Rus qurolli kuchlari 798 ming kishidan iborat. Rossiya mudofaa vazirligining byudjeti 76 milliard dollarni tashkil etadi. Ayni paytda Rossiya dunyodagi eng kuchli quruqlik kuchlariga ega bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi. Uning o‘n besh mingdan ortiq tanklari, juda ko‘p sonli zirhli mashinalari va jangovar vertolyotlari bor.
Rossiya harbiy-havo kuchlari turli xil maqsadlarga mo‘ljallangan va 3429 ta samolyot bilan qurollangan. Ular orasida minglab kilometr masofada joylashgan dushmanlarga yadroviy zarba berishga qodir strategik bombardimonlar mavjud.
Bundan tashqari, Rossiya katta dengiz kuchiga ega, ayniqsa uning suvosti kemalari o‘ta xavfli hisoblanadi. Ularning soni 60 ta. Rossiya suv usti floti biroz eskirgan va asosan SSSR vaqtida ishlab chiqarilgan kemalar bilan jihozlangan, ammo so‘nggi yillarda mamlakat rahbariyati uni yangilash uchun katta miqdorda mablag‘ sarflamoqda.
Rossiyaning muammosi shundaki, armiya qurol-aslahalarining muhim qismi eskirgan sovet modellaridan iborat. Hukumat ularni yangilash uchun harakat qilmoqda, ammo bu juda sekin amalga oshadigan jarayondir. Qayta jihozlash juda katta xarajatlarni talab qiladi, Rossiya iqtisodiyoti bunga bardosh bera olmadi deb aniq ayta olmaymiz.

Shuni ta’kidlash kerakki, Rossiya Sovet Ittifoqidan meros qilib olgan eng kuchli harbiy-sanoat kompleksiga ega. U zamonaviy quruqlik armiyasi va dengiz floti uchun deyarli barcha qurollarni mustaqil ravishda ishlab chiqarishga qodir. Rossiya qurol eksport qiluvchi dunyodagi eng yirik davlat bo‘lib, AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 

1.  AQSh

a11

Eng kuchli armiyalar reytingining birinchi o‘rnini Amerika Qo‘shma Shtatlari zabt etdi. Harbiylar soni bo‘yicha AQSh qurolli kuchlari Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, ularning soni 1,381 million. Shu bilan birga, AQSh armiyasining boshqa armiya generallari orzu qiladigan budjeti bor – 612 milliard dollar, bu unga dunyodagi eng qudratli davlat bo‘lish imkoniyatini beradi.

Zamonaviy qurolli kuchlarning qudrati ko‘p jihatdan ularni moliyalashtirishga bog‘liq. Shuning uchun AQShning ulkan mudofaa budjeti qurolli kuchlar muvaffaqiyatining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir. Bu amerikaliklarga eng zamonaviy (va eng qimmat) qurol tizimlarini ishlab chiqarish va sotib olish, o‘z armiyasini yuqori darajada ta’minlash va bir vaqtning o‘zida dunyoning turli burchaklarida bir nechta harbiy kompaniyalar tuzish imkoniyatini beradi. Bugungi kunda AQSh armiyasi 8,848 ta tank, juda ko‘p sonli zirhli transport vositalari va boshqa harbiy texnikalar, 3,892 ta harbiy samolyotlar bilan qurollangan. Agar “Sovuq urush” yillarida sovet strateglari asosiy e’tiborni tanklarga qaratgan bo‘lsa, o‘sha vaqtda amerikaliklar jangovar samolyotlarni faol ravishda ishlatganlar. Hozirda AQSh harbiy-havo kuchlari haqli ravishda dunyodagi eng kuchli aviabaza hisoblanadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari eng qudratli flotga ega, unga o‘nta samolyot tashuvchi guruhlar, yetmishdan ortiq suvosti kemalari, ko‘p sonli samolyotlar va yordamchi kemalar kiradi.

Amerikaliklar eng yangi harbiy texnologiyalarni ishlab chiqishda yetakchi hisoblanadi va ularning spektri juda keng. Ularda lazer va robot jangovar tizimlaridan tortib, protezlargacha ishlab chiqariladi. 


Nozima Rahmatova tayyorladi

Teglar