Kuman matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berishdan bosh tortdi

  • 20:10 / 22.09.2021
  • 102

“Barselona” bosh murabbiyi Ronald Kuman Ispaniya chempionatining 6-turidan oʻrin olgan “Kadis”ga qarshi oʻyini oldidan oʻtkazilgan matbuot anjumani vaqtida jurnalistlarning savollariga javob bermadi. Bu haqda ESPN xabar berdi.

Niderlandiyalik mutaxassis OAV vakillari bilan uchrashuvga tayyorlangan qisqa nutqi bilan keldi. Bu nutqda Kuman sabr-toqatli boʻlishni soʻradi va agar “Barselona” chempionatni yuqori oʻrinlarda tugata olsa, bu mavsum muvaffaqiyatli boʻlishini aytdi.

Mutaxassis, shuningdek, Yevropa musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok klub uchun moʻjiza boʻlishini taʼkidladi. Kuman nutqini tugatgandan soʻng, jurnalistlarning savollariga javob bermasligini eʼlon qildi va zalni tark etdi.

Eslatib oʻtish mumkin, La Liganing 6-turi doirasidagi “Kadis” – “Barselona” uchrashuvi ertaga, 23-sentyabr kuni Kadisdagi “Ramon de Karranza” stadionida boʻlib oʻtadi.

Maʼlumot uchun, kataloniyaliklar chempionat doirasida oʻtkazilgan 4 ta uchrashuvdan soʻng, 8 ochko jamgʻargan holda sakkizinchi oʻrinni band etib turibdi.