Kun mavzusi: Qanday qilib do‘konlarda virus yuqtirib olishdan qo‘rqmay yurish mumkin?

  • 13:42 / 25.03.2020
  • 555

Pandemiya avj olgandan beri ko‘pchilik do‘konga borishga ham, oziq-ovqat sotib olishga ham cho‘chib qoldi. Ishqilib virus yuqtirib olmayinda, degan xayol bilan ayrimlar hatto ko‘chaga chiqishga ham cho‘chib qolgan. Mutaxassislar esa bunday vahimaga hojat yo‘qligini, do‘konlarda virus yuqtirib olishdan cho‘chimay yurish borasida bir qancha tavsiyalarni ilgari surishmoqda. Ularni siz ham bilib qo‘ysangiz, qo‘rqmay do‘kon aylanaverasiz... Oziq-ovqat sanoati texnolog va shifokorlari bu borada aniq tavsiyalarni havola etishadi...

Qo‘l bilan teginish...
Do‘konga kelgan har bir xaridor ba’zida o‘zi sezmagan holda, meva-sabzavotlarni qo‘li bilan ushlab ko‘radi, saralaydi. Buning ta’sirida ular yuzasida turli yig‘malarning bari jamlanib ulgurgan bo‘ladi. Aslida, bu holat faqat koronavirus tarqalgan vaqtdagina avj olgan emas. Bu odatlar doim mavjud bo‘lgan va bo‘ladi ham. Qolaversa, hozirgi mavjud sharoitda xaridorlarning mahsulotga qo‘l bilan teginishi taqiqlanmoqda.

Ikkinchidan, do‘kon rastasida turgan mahsulotni tanlay turib, siz o‘zingizni ehtiyotlashingiz mumkin. Qanday qilib, deysizmi? Meva yoki sabzavotni inson qo‘li tegmagan joydan, qutining eng ostki yoki orqa qatorida turganlaridan olishingiz mumkin.
Tanlab olgan mahsulotingizni aravachaga solishdan avval ham uning “qo‘lchasini” maxsus antibakterial vosita bilan artib oling. Ularni joylab olgach, qo‘lingiz bilan yuzingizga teginmang. Hisob-kitob qilib bo‘lingandan keyin qo‘llarni, albatta, yaxshilab dezinfeksiyalang.

Naqd pullarda mikroblar doim ko‘p bo‘lgan. Yaxshisi, hisob-kitoblarda shaxsiy plastik kartalaringizdan foydalaning.

Odamlar orasidagi masofa...
Sotib olingan mahsulotlarni yuvish imkoni bor bo‘lgan, faqat o‘zingiz qo‘llanib kelayotgan xaltalarga solish tavsiya etiladi. Uyga kelgach, uni yaxshilab yuvsangiz, virus va mikroblarning yashash imkoni qolmaydi. Uyga keltirilgan meva-sabzavotlarni yeyishdan avval, albatta, oqar suvda yaxshilab yuvish shart. Uni sotib olishingiz bilan muzlatgichga joylashga shoshilmang...

Meva-sabzavotlar yuvib bo‘lingach, qog‘oz sochiq ustiga qo‘yilgancha yaxshilab quritib olinadi. Ana undan keyingina ularni muzlatgichingizga joylashtiring. Kassa qarshisida navbat kutayotgan odamlar orasidagi masofa qancha uzoq bo‘lsa, shuncha yaxshi. Navbatda turganda ham gigiyenik chora-tadbirlarga amal qilishda davom eting.

Agar siz virusni yuqtirib oluvchilarning xavf guruhida bo‘lsangiz (yoshingiz 50 dan oshgan bo‘lsa, surunkali kasalligingiz bo‘lsa yoki tamaki cheksangiz...) o‘zingizni ehtiyotlashni kuchaytiring. Pandemiya avj olgan vaqtda sizning uyda o‘tirishingiz juda muhim! Agar buning imkoni bo‘lmasa, do‘konga odamlar kam bo‘lgan vaqtda chiqishga harakat qiling. Uygacha yetkazib beruvchi xizmatlardan ham foydalanishingiz mumkin.
Uyda ovqat tayyorlashda ham e’tiborli bo‘ling. Ovqat pishirish vaqtida qo‘llarni tez-tez yuvib turish kerak. Hozircha, virusning oziq-ovqat orqali yuqishi haqidagi ma’lumotlar to‘liq tasdiqlanganicha yo‘q. Eng muhimi, tozalik gigiyenasiga qat’iy amal qilishdir.

Nargiza Utepova tayyorladi