Kun tarixi: 125 yil avval aka-uka Lyumerlar kinematograf uchun patent olishdi. Dunyodagi ilk filmni ko‘rganmisiz?

  • 12:08 / 13.02.2020
  • 819

Film tomosha qilishni hamma yaxshi ko‘rsa kerak: ayniqsa, ishdan keyin uyda televizor tomosha qilishga nima yetsin? Hozirda bir-biridan qiziq syujetli filmlar ko‘pligidan ularning barini tomosha qilishga ulgurish qiyin.
 
Agar kinematograf ixtiro qilinmaganida hozirgi filmlar mavjud bo‘lmasdi, ehtimol?! Aynan harakatlanuvchi tasvirlarni yozib olish va rasmlarni harakatga keltirishni ta’minlovchi qurilma kinematograf deb ataladi va bu ajoyib ixtiro aka-uka Lyumerlar tomonidan o‘ylab topilgan.

1892-yili Lui va Ogyust Lyumerlar rasmlar harakatini ta’minlovchi apparat ixtiro qilganligini ma’lum qilishadi va 1895-yilning 13-fevralida mana shu ixtiro uchun patent olishga muvaffaq bo‘lishadi. 

Ilk filmlar haqida qisqacha...
Lui Lyumer birinchi rejissyor, ssenarist va operator bo‘lgan, Ogyust esa bir necha filmlar prodyuseri va aktyori ham edi. Ilk kinoseans debyuti 1895-yilning 22-martida Parijda, 200 ta tomoshabin ishtirokida taqdim etiladi. So‘zsiz taqdim etilgan ilk mashhur hujjatli film – “Fabrikadan ishchilarning chiqishi” bo‘ldi. Lyumerlarning ushbu ilk ishini oilaviy film, deb atash mumkin. Chunki, ilk kinoda asosiy rollarni ularning o‘zi, bolalari va ota-onalar ijro etishgan edi.

Lyumerlarning ikkinchi filmi – “La-S’ota vokzaliga poyezdning kelishi”ni suratga olish jarayonida esa Lyumerlarning butun qarindoshlari ishtirok etgan. Kinoni olish jarayoni haqida Lui Lyumer shunday xotirlagan edi: “Platformaga kichkina qiz sakrab chiqadi. Uning bir qo‘lini onasi ushlab olgan  ikkinchi qo‘lidan esa Bonna ushlab olgan edi. U mening katta qizim, Trarye, faqat endi u buviga aylangan. Ular bilan birga yana mening onam, Antuan Lyumer ham bor edi”. 

Mana shu zaylda Lyumerlarning qisqa metrajli filmlari butun dunyoga tanilib ketadi. Uning qurilmasida film tomosha qilishni barcha istagan va bu aka-ukalarga mo‘may daromad keltirgan. Ular bir film seansiga kirish uchun tomoshabinlardan 1 frankdan (hozirgi kunda, taxminan, 5 dollarga to‘g‘ri keladi) olishgan ekan. Birinchi film seansi Lyumerlarga roppa-rosa 33 frank keltirgan edi. 

Tomoshabinlar qo‘rquvi

“La-S’ota vokzaliga poyezdning kelishi” filmini keng omma tomonidan qabul qilinishi bilan bog‘liq g‘aroyib shov-shuvlar yuradi. Unda aytilishicha, tomoshabinlar uchun harakatlanuvchi film haqiqiy qiziqish bo‘lgan. Ular hayratdan dong qotishgan, ammo ular poyezdning harakatlanib kelayotganidan qo‘rquvga tushishgan, u xuddi tomoshabinlar ustiga bostirib yurib kelayotgandek tuyulgan. Oqibatda, vahimaga tushgan tomoshabinlardan ayrimlari joyidan turib qochib ketgan ekan.  

Sekin-asta dunyoni zabt etadi
1896-yilda aka-uka Lyumerlar o‘z ixtirosini butun dunyoga tanishtirib, London, Nyu-York, Bombey shaharlari bo‘ylab sayohat qilishadi, odamlarga filmlar namoyish qila boshlashadi. 

Ilk komediya janridagi film ham Lyumerlarga tegishli
Lui Lyumer dunyodagi birinchi komediya janridagi film muallifi hamdir. Gap “Sug‘oruvchi suv o‘tkazgich” filmi haqida ketyapti. Film syujetida bog‘bon katta shlankada gullarni sug‘orayotgan bo‘ladi, bola shlankani bosib qoladi va suv oqishdan to‘xtaydi. Bog‘bon suv nega to‘xtab qoldi, degan xayolda shlanka “og‘ziga” qaragan vaqtda, bola bosib turgan shlankani qo‘yib yuboradi va suv bog‘bonning to‘g‘ri yuziga sachraydi. Gʻazabga tushgan bog‘bon shu zahoti shlankani tashlab, to‘polonchi bolani quvlab ketadi. Ilk komediya mana shunday bo‘lganligiga bugun ishonish qiyin bo‘lsa kerak. Biroq bu kadrlar bir umrga tarixga muhrlanib qolgan, hozirgi filmlar uchun tamal toshi vazifasini o‘tagan.

Internet ma’lumotlari asosida Nargiza Utepova tayyorladi.