Kun tarixi: 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni. Bu kunning qanday maqsadlari bor? 

  • 10:37 / 03.12.2019
  • 143

1992-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nogironlarning muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida 3-dekabrni Xalqaro nogironlar kuni, deb e’lon qildi. 
BMT Bosh assambleyasi BMTga a’zo davlatlarni nogironligi bor odamlarni jamiyatga yanada integratsiyalash maqsadida har yili ushbu kunni nishonlashga chaqiradi.

2006-yil dekabr oyida nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ham qabul qilindi – bu inson huquqlari bo‘yicha yana bir zaruriy shartnoma edi. Konvensiya 2008-yil 3-mayda kuchga kirdi. Uning tamoyillari quyidagilardan iborat: tug‘ma qadr-qimmat va shaxsiy mustaqillikka hurmat; kamsitmaslik; jamiyat hayotida to‘liq va samarali ishtirok etish imkoniyati; nogironlarning o‘ziga xosligini hurmat qilish va ularni insoniyatning bir qismi sifatida qabul qilish; imkoniyatlarning tengligi; gender tengligi; nogiron bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatlarini hurmat qilish va ularning individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish va hokazo. 

Dunyoda 1 milliarddan ortiq odam biror bir nogironlik ko‘rinishiga ega (va bu har yettitadan bitta odam degani), 100 milliondan ortiq nogironlar aynan bolalardir. Ularning barchasi jismoniy, ijtimoiy-iqtisodiy va xulq-atvor to‘siqlariga duch kelmoqdalar, bu ularni jamiyatda keng miqyosli, samarali va teng ishtirok etishiga halal beradi. 
Shu sababli, 3-dekabr Xalqaro nogironlar kunini nishonlash nogironlarning muammolariga e’tibor qaratish, ularning qadr-qimmati, huquqlari va farovonligini himoya qilish, jamiyatning e’tiborini nogironlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotdagi ishtirokida zaruriy imtiyozlariga jalb qilish yo‘lidir. 

Ushbu kunning maqsadi inson huquqlariga to‘la va teng rioya etilishi hamda nogironlarning jamiyatda ishtirok etishini ta’minlashdir. Bu maqsadlar 1982-yilda Bosh assambleya tomonidan qabul qilingan nogironlarga nisbatan Umumjahon harakat dasturida belgilab qo‘yilgan.
Aytib o‘tish joiz, bugun O‘zbekistinda nogironlikka ega shaxslarni qo‘llab-quvvatlash kuni hisoblanadi.