Kun tarixi: Aka-uka Raytlar samolyotga patent olgan kun. Aviatsiya “ota”lari va uchuvchi moslamalar haqida qiziqarli ma’lumotlar

  • 10:41 / 22.05.2020
  • 271

1906-yil 22-may aka-uka Raytlar o‘zlari yaratgan uchish moslamasi uchun ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lgan patentni qo‘lga kiritgan kun sifatida tarixga kirgan. Shu munosabat bilan quyida dirijabl, parashyut, paraplan, samolyot va shu kabi uchish moslamalari haqida so‘z boradi.

• Miloddan avvalgi VI asrda odamlar osmonga parvoz qilish uchun baland cho‘qqilarga chiqib, qo‘llarini qanot kabi yozgan holda uchishga uringan holatlar ham bo‘lgan.

• Avvallari uchuvchi moslamalarni qushlarning qanotiga o‘xshatib yasashgan. Odamlar cho‘qqiga chiqib, yasama qanotlari bilan yuqoridan pastga qarab sakrashgan. Tabiiyki, bu kabi urinishlar fojiali yakun topgan. Shu tariqa odamlar nisbatan murakkabroq, lekin uchish ehtimoli yuqori bo‘lgan qurilmalarni o‘ylab topa boshlashgan.

• Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, havo shari – odamzodning parvoz qilishiga imkon bergan dastlabki muvaffaqiyatli texnologiya hisoblanadi.

• Bugungi kunda parashyutlarni turli yuklar – oziq-ovqatlar, uskunalar, kosmik kapsulalar va hatto bombalar tashish uchun ham ishlatishadi.

• Uchish moslamalarining ilk namunalari Yevropa uyg‘onish davri olimlaridan Leonardo da Vinchi (XV asr) qo‘lyozma va chizmalarida ham uchraydi. 

• Aviatsiya “otalari” sifatida tarixga kirgan aka-uka Raytlar o‘zlari yaratgan uchish moslamasini sinab ko‘rgan ixtirochilardan. Ularning moslamasi dastlab 2,5-3,5 metr balandlikda 12 soniya davomida parvoz qiladi. O‘sha kunning o‘zida ular 3 marta uchib ko‘rishadi. Va nihoyat so‘nggi urinishda aka-ukalar 59 soniya ichida 250 metr balandlikka ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lishadi.

•  Aka-uka Raytlarning ixtirosidan keyin samolyotsozlik juda tez sur’atlar bilan rivojlana boshlaydi.

•  Masofadan turib boshqariladigan uchish moslamalari – dronlar bugunga kelib ancha taraqqiy qildi. Ular xavfli, odamlar uchun  imkonsiz bo‘lgan vazifalarni bajarishda asqatadi. Dastlab, ulardan boshqa ixtirolar kabi harbiy maqsadlarda foydalanilgan. Bugunga kelib ularni deyarli hamma joydan topish mumkin. Ular yordamida chiroyli va betakror video va fotosuratlar olsa bo‘ladi. Qutqaruv ishlarida ham juda asqatadi.

•  Reaktiv avialayner – bu reaktiv dvigatellarga ega yo‘lovchi va yuk tashuvchi samolyotlardir. Ulardagi reaktiv dvigatellar yuqori tezlikka erishish imkonini beradi. Hozirgi kunda A380 Airbus dunyodagi eng katta avialayner bo‘lib, uning bortiga 853 kishigacha yo‘lovchi sig‘adi.

Guljahon Sanjarbekova tayyorladi