Kun tarixi: Ikki oyog‘ida turgan ot. Bugun Ferrarining tug‘ilgan kuni

  • 12:01 / 18.02.2020
  • 1043

Qip-qizil, bejirim dizaynli, orqa oyoqlarida ko‘tarilgancha turgan, ayg‘ir ot timsoli tushirilgan mashina... Ko‘z oldingizda Ferrari gavdalandimi? Ferrari mashinalari butun dunyoda mashhurlikka erishgan, o‘z dizayni, tezligi va mashina yig‘ish texnikasi bo‘yicha yetakchilikni qo‘lga kiritgan. Bu mashinalar aslida kim tomonidan ixtiro qilinganini bilasizmi? Ushbu ajoyib avtoulov Enso Ferrari tomonidan kashf qilingan. Bugun mana shu ixtirochi, poygachi va konstruktorning tavallud kuni!

U xonanda bo‘lmoqchi edi...

Enso Ferrari 1898-yilda qishning so‘nggi oyida Italiyaning Modena shahrida tug‘ilgan. Uning otasi kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi va kichikroq ustaxona egasi bo‘lgan. 

Yoshligida Enso Ferrari umuman avtomobillar haqida o‘ylamagan ham. Enso bolalik vaqtlarida qo‘shiqchi yoki jurnalist bo‘lishni orzu qilar edi. Ammo taqdir taqozosi bilan bir kuni 10 yoshli Ensoning otasi uni Bolonya shahrida o‘tkaziluvchi avtopoygaga olib boradi va u aynan shu yoshdan mashina olamiga kirib keladi. Ammo, u davrda Enso mashina ruliga o‘tirib, uni mahorat bilan boshqara olmagan. Ushbu onlar 1920-yilga kelibgina amalga oshadi. U Italiyadagi avtomobil ishlab chiqaruvchi ulkan kompaniya “Alfa Romeo”ga ishga kiradi va katta muvaffaqiyat qozonadi. Enso kompaniya mashinalarini 1932-yilga qadar sinovdan o‘tkazar edi. Sinov qanday o‘tkazilgan, deysizmi? Enso yangi avtomobil bilan 47 ta poygada qatnashib sinab ko‘rgan va ularning 13 tasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shu tariqa Enso Ferrari ushbu kompaniyada roppa-rosa 20 yil ishlashga muvaffaq bo‘ladi. 

Ilk avtomobili

Vaqt o‘tib, Enso Ferrari “Alfa Romeo” kompaniyasi uchun shaxsiy mashina konstruksiyasini yaratadi. 1939-yilda Enso Ferrari “Alfa Romeo”dan ajralib chiqib, o‘z shaxsiy korxonasi “Auto Avio Costruzioni Ferrari”ni tashkil qiladi. Avvaliga korxona avtomobil uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqara boshlaydi. “Ferrari” nomi ostida ishlab chiqarilgan ilk avtomobil 1946-yilda ishlab chiqarilgan. Ilk model “Ferrari 125” deb atalgan.

Poyga mashinasidan sport mashinasigacha...

Avvaliga, Ferrari faqatgina poyga mashinalarini ishlab chiqargan. Ammo, keyinchalik katta zafarlardan so‘ng sport avtoulovlarini ishlab chiqarishni boshlagan va ularni xalqaro bozorga olib chiqqan. 

Konstruktor, ixtirochi Enso Ferrari 1988-yilning 14-avgustida ona yurti Italiyada vafot etgan.

Hozirda “Ferrari” poyga va sport tipidagi avtoulovlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, kompaniya turli avtopoygalarda, “Formula 1”da ishtirok etib keladi.

Ot ramzi

Ferrari logotipi – sariq qalqonda, orqa oyoqlariga tayanib turgan ot timsoli 1932-yilda paydo bo‘lgan. Bu logotip mashhur italiyalik dizayner Franchesko Barakka tomonidan ishlab chiqilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ramzlarning yaratilishi harbiy samolyot bilan bog‘liq. Aytishlaricha, qalqon va ot ramzi Francheskoning harbiy samolyotida bo‘lgan ekan. Franchesko I Jahon urushi vaqtida harbiy uchuvchi bo‘lib qatnashgan.

Nima uchun qizil rang?

Ferrari mashinasi haqida eshitgan odamning ko‘z oldida qizil rangli mashina gavdalanadi. Nima uchun? Enso Ferrari ilk karyerasini boshlagan “Alfa Romeo”ning poyga mashinalari aynan qizil rangga bo‘yalgan. Asta-sekin mana shu rang “Ferrari”ga mustahkam bog‘lanib qolgan. 

Eng qimmat mashina
“Ferrari” kompaniyasining eng qimmat avtomobili 1963-yilda yaratilgan Ferrari 250 GTO hisoblanadi. Ushbu mashinaning bahosi 8 mln. dollarni tashkil qilgan. 2013-yilda o‘tkazilgan auksionda esa eng qimmat mashina yanada qimmatroqqa, 52 mln. dollarga sotilgan. 

Mashhurlarni jamlagan kompaniya

“Ferrari” kompaniyasi poygachilarga pul sarflashga achinmagan. Kompaniya bayrog‘i ostida bir qancha mashhur sportchilar ishtirok etgan. Maykl Jordan, Tayger Vuds, Floyd Meyvezerlardan iborat ro‘yxatni bemalol davom ettirish mumkin.
 
2000-2004-yilda “Ferrari” nomi ostida mohir poygachi Mixael Shumaxer ham qatnashgan.

Nargizaxon UTEPOVA tayyorladi