Kun tarixi: Mast holatda mashina boshqarganlik uchun ilk jarima qachon, qayerda va qancha miqdorda to‘langan?

  • 12:29 / 10.09.2019
  • 890

Foto: gazeta.ru

Jarima to‘lash hech kimni quvontirmasligi aniq. Lekin jarimalar asosan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida qo‘llaniladi. Transport vositalari haydovchilari uchun esa turli jarimalar mavjud. Ular qachon, qayerda o‘ylab topilganligi esa qiziq, albatta. Buni qarangki, aynan bugun dunyoda ilk marta mast holda mashina boshqargan haydovchidan jarima undirilgan ekan. 

Londonlik taksi haydovchisi Jorj Smit 1897-yilning 10-sentyabr kuni mashinani mast holatda boshqarib, uyning eshigiga borib urilgan. Buning uchun haydovchi 25 shilling jarima to‘lagan. Bu summa bizning pulga hozirgi kunda 541,332 so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekistonda esa hozirgi kunda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (EKIH)ning 25 barobarida jarima to‘lanadi. Bu 5 575 000 so‘m degani. 

Ma’lumotlarga qaraganda, mast holatda mashina boshqarish uchun undiriladigan jarima miqdori har bir davlatda turlicha ko‘rinishda ekan. Masalan, ba’zi mamlakatlarda jarima belgilashdan oldin qondagi alkagol me’yoriga e’tibor berilarkan. Ba’zi joylarda esa qoida buzuvchining haydovchilik malakasiga, yoshiga, hattoki, transport vositasining turiga qarab ham jarima miqdori belgilanar ekan. Masalan, mast avtobus haydovchisi yengil mashina boshqargan mast haydovchiga nisbatan ancha qattiqroq jazolanadi. Bundan tashqari, agar mast holatda mashina boshqarish natijasida yuzaga kelgan halokatda qurbonlar bo‘lsa, jazo turi ancha og‘irlashadi. Masalan, Fransiyada bunday vaziyatlarda haydovchilarga qamoq jazosi qo‘llaniladi. 

Ko‘pgina mamlakatlarda mast holatda nafaqat avtomobil, balki qayiq, samolyot, ot va velosipedni ham boshqarish taqiqlangan. 

Ma’lumot o‘rnida bugungi kunda mamlakatimizda mast holatda avtotransport vositasini boshqarganlik uchun jarima qay tartibda undirilishi haqida qo‘shimcha qilmoqchimiz: 

Haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi – transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil-u olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining qirq baravari miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. 

Alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish – transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yildan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, 131-modda.


Nozima Rahmatova tayyorladi.

Teglar