Kun tarixi: Vatan himoyachilari kuni boshqa davlatlarda qachon nishonlanadi?

  • 12:08 / 14.01.2020
  • 1059

Vatan himoyachilari kuni O‘zbekistonda qachondan beri nishonlanayotganini bilsangiz kerak, albatta. Bu haqida Xabardor.uz yaqinda alohida ijtimoiy so‘rovnoma ham o‘tkazgan edi. 

Xo‘sh, dunyoning qolgan mamlakatlarida “Vatan himoyachilari kuni” qachon nishonlanadi?

Rossiya

Rossiyalik harbiylar 1922-yildan beri 23-favralni bayram qilishadi. Faqat ularda bayramning nomlanishi yillar davomida o‘zgarib turgan: 1922-1946-yillarda “Qizil Armiya kuni”, 1946-1995-yillarda “Sovet armiyasi va harbiy-dengiz kuchlari” kuni deb nomlangan va 1995-yilda Rossiya Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan federal qonunda 23-fevral “Vatan himoyachilari kuni” (День Защитника Отечества) deb e’lon qilingan.

Avstraliya

Oxirgi vaqtlarda yong‘inlar girdobida qolgan Avstraliya bu bayramni har yili 25-aprelda nishonlaydi. Avstraliyada Vatan himoyachilari kuni ANZAC kuni (Avstraliya va Yangi Zelandiya harbiy korpuslari kuni) deb nomlanadi. Bayramda urushlarda halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan marosimlar o‘tkaziladi. Bayram sanasini nishonlash uchun 25-aprel dam olish kuni deb e’lon qilingan. 1916-yildan beri amalga oshirib borilayotgan an’anaga ko‘ra, cherkovlarda ertalabki marosimlar o‘tkaziladi, shundan so‘ng barcha ishtirokchilarga “olovli nonushta” – rom bilan qahvadan iborat ichimlik taklif etiladi. Faxriylarning yurishlari va paradlari butun mamlakat bo‘ylab o‘tkaziladi. Ko‘plab avstraliyaliklar uchun ANZAC kuni ahamiyatliligi bo‘yicha Avstraliya kunidan ancha ustun turadi.

Bolgariya

6-may – Bolgariya armiyasining kasb bayrami hisoblanadi. 1926-yildan beri bolgariyaliklar 6-mayda birdaniga ikkita bayramni nishonlashadi: Jasorat kuni va Qurolli kuchlar kuni. 

AQSh

Eng kuchli qurolli kuchlar sohibi bo‘lgan AQSh bu bayramni 16-may kuni nishonlaydi. Biroq amerikaliklar bu bayramga unchalik ahamiyat berishmaydi. Bu bayramdan ko‘ra ularda Vyetnam va Birinchi Jahon urushi faxriylari kuni, Xotira kuni, Prezidentlar kuni va Sohilni himoya qilish kunlari kengroq nishonlanadi.

Ispaniya

May oyida Ispaniya qurolli kuchlarining bayrami ham nishonlanadi, ularda bu bayram bir hafta davom etadi. Uzoq yillik an’anaga ko‘ra har yili Ispaniyaning turli shaharlarida harbiy texnikalar ishtirokidagi paradlar o‘tkaziladi. Bugungi kunda Ispaniya armiyasi Rossiya armiyasi bilan o‘xshash muammolarga duch kelmoqda. Bu kadrlar yetishmovchiligi. Shu munosabat bilan bu davlatlarda Qurolli kuchlar bayrami nishonlanadigan kunlarda yoshlarning harbiy xizmatga qiziqishini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi. 

Finlyandiya

Finlyandiyada 4-iyun – Mudofaa kuchlari kuni hisoblanadi. Bayram marshal Karl Gustav Emil Mannergeymning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan holda nishonlanadi. An’anaga ko‘ra, milliy bayram kuni faxriy yorliqlar topshiriladi va yangi unvonlar beriladi.

Buyuk Britaniya
27-iyun Buyuk Britaniya qurolli kuchlari kuni hisoblanadi. O‘sha kuni avval faxriylar sharaflanadi, keyin hozirgi va kelajakdagi himoyachilar. Har yili qurolli kuchlar kunini nishonlash vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalash va qurolli kuchlarning oliyjanob xizmatini e’tirof etishga xizmat qiladi.

Xitoy

1-avgust – Xitoy xalq-ozodlik armiyasi tashkil etilgan kun. Ushbu kun Xitoy armiyasining kasbiy bayrami hisoblanadi. Xalq ozodlik armiyasi dengiz, havo kuchlari va texnik kuchlardan, shuningdek quruqlik armiyasidan iborat. Xitoy armiyasi dunyodagi eng katta armiyalardan biri bo‘lib, qariyb 2,5 million qo‘shiniga ega. Mazkur bayramda Xitoyning barcha provinsiyalarida tantanali yig‘ilishlar, faxriylarni sharaflash, harbiy ko‘rgazmalar va bayram konsertlari o‘tkaziladi.

Braziliya

Braziliyada 25-avgust Askarlar kuni deb nomlanadi. Braziliyalik askarlar bekorga aynan shu kunni tanlamaganlar 1961-yildan beri armiya homiysi deb e’lon qilingan Luis Alves de Lima e Silva shu kuni tug‘ilgan. Mazkur davlatda bu bayram ommaviy nishonlanmaydi, faqat askarlarlarning o‘zi bayram qilishadi, xolos. 
Qizig‘i shundaki, harbiylar bayramidan tashqari 2000-yilda Butunjahon erkaklar kunini nishonlash to‘g‘risida ham qaror chiqarilgan. Bu bayram noyabr oyining birinchi shanbasida nishonlandi. 
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, Vatan himoyachilari kuni bayrami har bir erkak uchun juda muhimdir. 

Nozima RAHMATOVA tayyorladi