Kun tarixi: Xalqaro “КВН” kuni. O‘zbeklar Rossiyada o‘tkazilgan КВН’da qanday chiqish qilishgan (+video)

  • 11:52 / 08.11.2019
  • 563

2001-yil 8-noyabr kuni bir qancha MDH davlatlari birinchi marta КВН (Клуб весёлых и находчивых)chilar  bayramini norasmiy ravishda nishonlagan. O‘shandan beri har yili 8-noyabr Xalqaro “КВН” kuni sifatida nishonlanadi. 

Bu bayramni aynan shu kuni o‘tkazish g‘oyasi “Xalqaro КВН klubi” prezidenti Aleksandr Maslyakovga o‘z-o‘zidan kelgani yo‘q. Sababi, tarixda КВН’chilarning o‘zgacha hazillariga boy konserti ilk bora 1961-yil 8-noyabr kuni efirga uzatilgan. 

КВН’dagi o‘yin qoidalari ko‘plab tomoshabinlar va muxlislarga tanish bo‘lgan – salomlashish, qisqa savol-javob, sahnaviy ko‘rinish kabi shartlardan iborat. Bu shartlarni bajarish orqali ishtirokchilar tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashadi.  

Biroq, “Xalqaro КВН kuni” hali BMTning jahon bayramlari reyestriga kiritilmagan. Chunki u MDH davlatlarining o‘zida hanuzgacha rasmiy bayram sifatida nishonlanmaydi.
 
Yana bir qiziq ma’lumot. 2010-yilda Rossiyada o‘tkazilgan MDH Kubogida O‘zbekiston jamoasi ham ishtirok etgan. Quyidagi videoda ularning qanday chiqish qilganliklarini ko‘rishingiz mumkin.

КВН’da qatnashish ishtirokchilarning ikkinchi ishiga aylanadi. Chunki, ular talaba bo‘ladimi yoki biror tashkilot xodimimi hamisha sevimli mahshg‘ulotlari uchun vaqt topa oladi.

Darvoqe, bugungi kunda ko‘plab sobiq “КВН” qatnashchilari taniqli shou-biznes va kino arboblariga aylangan. Jumladan: Yuliy Gusman, Gennadiy Xazanov, Leonid Yakubovich, Arkadiy Xait, Tatyana Lazareva, Mixail Shats, Aleksey Kortnev, Timur Batrutdinov, Mixail Galustyan, Garik Martirosyan va boshqalar. O‘zbekcha “КВН” – “QVZ”da esa Jahongir Poziljonov, Davron Kabulov, Otabek Mirzaxolovlar mashhurlikka erishganlar. 

Nozima RAHMATOVA tayyorladi