Kuningiz yaxshi o‘tishi uchun ertalab 8:00gacha nimalarga ulgurishingiz kerak?

  • 11:24 / 24.09.2019
  • 1378

Barvaqt turish butun kuningizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Aynan shuning uchun kun tartibingizni to‘g‘ri tashkil qilishingiz lozim. Olimlar allaqachon barvaqt turishning muvaffaqiyatli, farovon hayotga erishishda ancha yordam berishini aniqlashgan. 
Ertalab bir-ikki soatingizni quyidagi ishlarga ajratsangiz, nafaqat kuningiz, balki hayotingiz ham yaxshilanishi aniq:

Miyangizni quvvatlantiring

Ko‘pchilik odamlar kunini televizor ko‘rish yoki radio tinglashdan boshlaydi. Lekin ertalab o‘qish bilan shug‘ullanish ancha foydaliroq ekan. Aynan ertalab axborot yaxshiroq o‘zlashtiriladi, demak bilimlaringizni oshirish imkoni oshadi. 

O‘zingizda ijobiy kayfiyat uyg‘oting

Ertalabdan xavotir, qo‘rquv va bo‘lajak kun haqidagi yomon xayollar quvvatingizni yemirishiga yo‘l qo‘ymang. Har tongni to‘g‘ri fikrlardan boshlang, o‘zingizni ruhlantiring, maqtang. Ijobiy fikrlar hayotingizda, albatta yorug‘ yo‘lni paydo qiladi. 

Bajaradigan ishlaringiz ro‘yxatini tuzing 

Hamma narsani boshingizda olib yurish mushkul, ayniqsa yelkangizda o‘nlab majburiyatlar va ishlar bo‘lsa. Shu sababdan hayotingizga yaxshi bir odatni kiriting – qiladigan hamma ishlaringizni yozib qo‘ying. Bu hayot oqimini bir o‘zanga solishingizga, asosiy maqsadlaringizdan og‘ishmaslikka yordam beradi. Rejalarni yozish yoqimliroq bo‘lishi uchun chiroyli va didingizga mos kundalik tuting. 

Quvonch manbangizni toping

Har bir odamning kayfiyatini ko‘taradigan va ertalablari tabassum bilan uyg‘onishiga sabab bo‘ladigan xobbi yoki qiziqishi bo‘lishi lozim. Mehnatingiz uchun o‘zingizni taqdirlashni o‘rganing, shunda tog‘larni talqon qila olasiz. 

Nonushta qiling

Nonushta eng muhim tanovul hisoblanadi, uni inkor etish mumkin emas. Olimlar nonushtaning butun kun uchun eng foydali va eng zarur taom ekanligini aniqlashgan. Biroq shu bilan birga foydali mahsulotlarni iste’mol qilishga harakat qilish kerak. 

Fikrlashga vaqt ajrating

Har ertalab fikrlashingiz uchun hech bo‘lmasa 15 daqiqa ajrating. Bu, ehtimol iqtisodiy ahvolingizni yaxshilash yoki ish jarayoningizni takomillashtirish, balki biznesingizni rivojlantirishga oid fikrlar bo‘lishi mumkin. 

Unutmang, ertalabdan nimadir qilishga ulgursangiz, o‘zingizga nisbatan ishonch va hurmatingiz oshadi. Bu, albatta butun kuningizga ijobiy ta’sir qiladi.