London Fond birjasiga joylashtirilayotgan xalqaro obligatsiyalarning O‘zbekiston iqtisodiga ta’siri qanday?

  • 07:06 / 17.07.2021
  • 262

Bir necha kun oldin London Fond birjasiga navbatdagi xalqaro obligatsiyalar joylashtirildi. Shu o‘rinda o‘quvchida bir nechta savollar tug‘ilishi mumkin, xalqaro obligatsiyalar nima? Hukumatning bunday obligatsiyalar chiqarishdan maqsadi qanday? 

Obligatsiya yoki qimmatli qog‘ozni davlat (korxona)ning moliyaviy mablag‘ jalb qilish maqsadida boshqa bir yuridik yoki jismoniy shaxsga taqdim qilgan ishonchnomasi deyish mumkin. Ddemak, obligatsiya chiqarishdan asosiy maqsad moliyaviy manba jalb qilish. 

Davlat tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar, asosan, byudjet kamomadini qoplash uchun chiqariladi. 

Aytib o‘tish kerakki, obligatsiya chiqarish bu qarz jalb qilishga teng. Qarz jalb qilish esa yoki ichki yoki tashqi manbalar hisobiga bo‘lishi mumkin. Jalb qilinish manbasiga ko‘ra agar obligatsiya ichki bozorga chiqarilayotgan bo‘lsa, unda davlat ichki qarz jalb qilayotgan bo‘ladi. Agar bunday obligatsiyalar xalqaro birjalarga chiqarilayotgan bo‘lsa, demak, tashqi qarz jalb qilinayotgan hisoblanadi. 

Qarzning jalb qilinish manbasidan tashqari uning shakli ham turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, bir necha kun oldin chiqarilgan xalqaro obligatsiyalarni misol sifatida olsak. Unda 635 mln. AQSh dollari hamda 2,5 trln. so‘m ekvivalentidagi xalqaro obligatsiyalar chiqarilgan edi.

Bundan kelib chiqadiki, xalqaro obligatsiyalarning bir qismi dollarda chiqarilgan bo‘lsa, yana bir qismi so‘m ekvivalentida chiqarilgan. Ta’kidlab o‘tish kerakki, har ikkala ko‘rinishdagi obligatsiyalar chiqarishdan ham mamlakatimizga dollar ko‘rinishidagi mablag‘lar jalb qilinadi. Chunki chet ellik investorlarning qo‘lida so‘m yo‘q. 

Xo‘sh, unda so‘m ko‘rinishidagi obligatsiyalar chiqarishdan ma’no nima? Va so‘mdagi obligatsiyalarning dollardagi obligatsiyalardan farqi qanday?

Asosiy farq shundaki, bu obligatsiyalarning muddati tugaganda (qarzning qaytarilish muddati kelganda) dollarda chiqarilgan obligatsiyalar huddi o‘sha ko‘rinishda qaytariladi. So‘mda chiqarilgan obligatsiyalar esa so‘mda qaytariladi (yoki so‘mga indekslangan ko‘rinishda). Shu sababli ham ikkala obligatsiyalarning to‘lanadigan yillik foizi turlicha. Masalan, mamlakatimizda yillik inflyatsiya 11 foiz artofida ekanligi hamda dollarga nisbatan so‘mning yillik qadrsizlanishi ham huddi shu atrofida (inflyatsiyadan biroz yuqori) bo‘lganligi bois so‘mdagi obligatsiyalarning  yillik ko‘rsatiladigan xizmat foizi yoki yillik nominal foizi 14,5 foizni tashkil etdi (3,5-4 foiz atrofidagi real qaytim). Dollardagi obligatsiyalarning foiz ko‘rsatgichi esa 4 foiz atrofida bo‘ldi. 

Ta’kidlab o‘tish kerakki, obligatsiyalar ikkilamchi bozorda qayta sotilishi hamda sotib olinishi mumkin, shu sababli obligatsiyalarning yillik foizi mamlakatdagi iqtisodiy holatdan kelib chiqqan holda o‘zgarib turishi mumkin. Masalan, mamlakatimizning iqtisodiy holatiga ishoch ortsa, unda mamlakatimiz chiqargan obligatsiyalarga talab oshadi hamda uning yillik foizi pasayib  boradi. Ya’ni iqtisodiyotimizga ishonchning ortib borishi investorlarda mamlakatimiz chiqargan obligatsiyalarni ushlab turish riskini pasaytirib boradi hamda bu holat mamlakatimizning yillik qarz uchun ko‘rsatadigan xizmat (yillik foiz)ning pasayib borishiga olib keladi.

Mirkomil Xolboyev, Jeonbuk national university magistranti

Jeonju, Janubiy Korea