Loyiha: Endi dehqon va xaridor o‘rtasida muvofiqlashtiruvchi sifatida “Tomorqa xizmati” faoliyat olib borishi mumkin

  • 09:46 / 15.05.2020
  • 222

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining har bir tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlari hududida kamida bittadan “Tomorqa xizmati” MChJlarni tashkil etish haqidagi takliflariga rozilik beriladi.

Bu haqda Prezidentning “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
 
Shuningdek, Qaror loyihasiga ko‘ra:

aholi tomorqalariga kafolatlangan ko‘chat va urug‘ni tizimli yetkazib berishni tashkil etish uchun “Tomorqa xizmati” MChJlarga issiqxona, sovutgichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun kamida 3 gektardan yer ajratiladi;

tuman (shahar) markaziy dehqon bozorlarida maxsus savdo maydonlari ajratiladi;

Aholi tomorqalarida yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlarini kafolatli sotish tizimini yaratish uchun qayta ishlash va eksport qilishda ishlab chiqaruvchi, tayyorlovchi va “Tomorqa xizmati” MChJlarining o‘zaro kooperatsiya tizimini rivojlantirishning yangi mexanizmlari, ya’ni dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan mahsulotni yetkazib berish “Tomorqa xizmati” MChJ tomonidan yig‘ib olingan holda qayta ishlash korxonasi yoki eksporter, ishlab chiqaruvchi va “Tomorqa xizmati” MChJ o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama kelishuv asosida amalga oshirish tizimi joriy etiladi;

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari kengashi Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali kamida 3 yil muddatga 1 yil imtiyozli davr bilan “Tomorqa xizmati” MChJga moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, negizida yengil konstruksiyali issiqxonalar, kichik chorvachilik, parrandachilik xo‘jaliklari hamda aholi xonadonlarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli sovutgichlar tashkil etish uchun 80 mlrd. so‘m ajratiladi.


“Tomorqa xizmati” MChJlarning kredit olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida, 2020-yil 1-iyundan boshlab Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan:

“Tomorqa xizmati” MChJ hamda qishloq ho‘jaligi kooperativlariga beriladigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 75 foizidan oshmagan, biroq 3 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda kafillik;

Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MChJ va qishloq xo‘jaligi kooperativlariga Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining 50 foizi Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab berish tizimi joriy etiladi.


O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va chetdan keltiriladigan yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun jihozlar, motokultivator va uning ehtiyot qismlari, minitraktorlar, sovutgich tizimlari va ularning jihozlari, aholi xonadonlarida o‘rnatiladigan suv nasoslari, burg‘ulash uskunalari quritish va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash uskunalari belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lovlardan tashqari).

“Tomorqa xizmati” MChJlar va qishloq xo‘jaligi kooperativlari davlat ro‘yxatidan o‘tgan kundan boshlab mazkur qarorga muvofiq ularning asosiy faoliyati doirasida 5 yil muddatga barcha turdagi soliqlardan (qo‘shilgan qiymat solig‘i bundan mustasno) ozod etiladi.