«Lukoyl» O‘zbekistondagi loyihalar hisobiga neft va gaz qazib olishni ko‘paytirdi

  • 13:26 / 14.05.2019
  • 234

Rossiyaning «Lukoyl» yirik xususiy neft shirkati joriy yilning birinchi choragi uchun dastlabki ishlab chiqarish natijalarini e'lon qildi.

«G‘arbiy Kurna-2» loyihasini hisobga olmaganda, uglevodorodlarning o‘rtacha kunlik ishlab chiqarish hajmi 2 379 ming barrelni tashkil etdi. Bu 2018 yilning birinchi choragiga nisbatan 4,1% va 2018 yilning to‘rtinchi choragiga nisbatan 0,3%ga ko‘pdir.

«Ishlab chiqarishning o‘sishi asosan O‘zbekistondagi gaz loyihalarini rivojlantirish bilan bog‘liq», - deya ta'kidladi kompaniya.

«G‘arbiy Kurna-2» loyihasini hisobga olmagan holda neft qazib olish 21,2 million tonnani tashkil etdi, bu 2018 yilning birinchi choragidagi ko‘rsatkichdan 1,5 foizga yuqori va 2018 yilning to‘rtinchi choragidagi ko‘rsatkichdan 0,5 foizga kam.

Gaz qazib olish hajmi 9 milliard kubometrni tashkil etdi. Ya'ni, 2018 yilning birinchi choragiga nisbatan 12 foizga ko‘p.

«Gaz qazib olish ko‘payishining asosiy omili O‘zbekistondagi loyihalarni rivojlantirish bo‘ldi. Qandim loyihasidagi gazni qayta ishlash kompleksi ikkinchi bosqichi ishga tushirilganligi tufayli, 2019 yil birinchi choragida O‘zbekistonda gaz qazib olish 3,8 mlrd kub metrga yetdi (kompaniyaning ulushida). Bu 2018 yilning birinchi choragiga nisbatan 33%ga ko‘p», - deya aniqlik kiritgan kompaniya.