Kuni kecha Belgiyaning Bryussel shahrida poyoniga yetgan “Brilliant liga”ning 12-bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro yengil atletika assosiasiyasi shafeligida o‘tkazib kelinayotgan “Brilliant liga” bahslari hamisha sport malikasi ishqibozlari tomonidan katta qiziqish bilan kuzatiladi.
Mazkur liga bahslari dunyoning 100 dan oshiq davlatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilishi ham bunga yorqin misol. Qolaversa, ushbu musobaqalarda istagan sportchi yoki jamoa ishtirok eta olmaydi. Unga tashkilotchilar tomonidan jahon reytingida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mahoratli sportchilar taklif etiladi.
Kuni kecha Belgiyaning Bryussel shahrida poyoniga yetgan “Brilliant liga”ning 12-bosqichi musobaqalari ham ayni ko‘rinishda o‘tdi.
O‘nlab olimpiya o‘yinlari hamda jahon chempionatlarining g‘oliblari, rekordchilari qatnashgan musobaqada O‘zbekiston nomi ham yangradi.
Balandlikka sakrash bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining umidli sportchisi Safina Sa’dullayeva avstraliyalik jahon chempioni Eleanor Patterson, Yevropa chempioni, yopiq inshootlarda o‘tgan jahon chempionati g‘olibi ukrainalik Yaroslava Maxuchix, Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori Nikola Olislagers va jahon chempionati bronza medali sovrindori Yelena Vallortigara kabi kuchlilar bilan bellashdi.
Iste’dodli sportchimiz Safina Sa’dullayeva murosasiz kurashlar tufayli 1.91 metr natija bilan “Brilliant liga” musobaqasini 4-o‘rinda yakunladi.
Mazkur yo‘nalishda ukrainalik Yaroslava Maxuchixga omad kulib boqdi. U ochiq havodagi musobaqalardagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. 2.05 metr balandlikni zabt etib, g‘alaba qozondi.
2- va 3-o‘rinlar 1.94 ko‘rsatkichga erishgan avtraliyalik Petterson hamda hamyurtimiz bilan bir xil balandlikka (1.91) ko‘tarilgan olimpiya o‘yinlari sovrindori Nikola Olislagersga nasib etdi.
Aytish lozimki, yaqinda Turkiyada yakunlangan ”Islom birdamligi” o‘yinlarida Sa’dullayeva balandlikka sakrash musobaqalarida 1.97 metr chiziqni zabt etgandi.
O‘shanda Safina barcha raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirib, oltin medalli bo‘lgandi. Belgiyadagi bahslarda 1.91 metr ko‘rsatkichga erishganligi yengil atletikachimiz jahonning eng kuchlilari safiga dadil qadam qo‘yganligidan, ular qatorida o‘z o‘rni borligini ko‘rsatganligidan dalolat. Zero, “Brilliant liga” musobaqasida jahon va olimpiya chempionlari orasida 4-o‘rinni qo‘lga kiritish g‘alabaga teng natija deyish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Safina Sa’dullayeva bundan bir oy muqaddam Polshada o‘tkazilgan «Brilliant liga» musobaqasida barcha raqiblarini ortda qoldirgan holda oltin medalga ega chiqqandi. Ukrainalik Yaroslava Maxuchix 2-o‘rin bilan kifoyalangandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!