Madaniy obyektlar va muassasalarga kirish chiptalarining yagona stavkasi joriy etiladi

  • 08:57 / 14.08.2019
  • 38

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi, mazkur hujjatda turizm infratuzilmasining mavjud muammolarini hal etish, ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va milliy turizm mahsulotini jahon bozorlarida faol targ‘ib qilish, shuningdek, turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shu bilan birga, sayyohlar sonini ko'paytirish va xizmatlar ko’lamini kengaytirish maqsadida madaniy obyektlar va muassasalarda quyidagilar tashkil etiladi:

Madaniy obyektlar va muassasalarga tashrif buyurgan O'zbekiston fuqarolari va xorijliklar uchun chegirmalar tizimidan foydalangan holda kirish chiptalarining yagona stavkasi joriy etiladi;

Sayyohlik mavsumi nisbatan past bo’lgan davrda madaniy obyektlar va muassasalarni bepul asosda ziyorat qilishni ko’zda tutuvchi “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etiladi;

Mashhur obyektlar va madaniy muassasalar faoliyati soat 22:00ga qadar uzaytiriladi;

Aeroportlar, turistik axborot markazlari, metro bekatlari, do'konlar va muzeylarda muayyan kunlarda tegishli viloyatning barcha muzey va madaniy meros ob'ektlariga borish imkonini beruvchi chiptalar sotuvi yo’lga qo’yiladi;

“Muzeyda bir tun”, “Open sky” va boshqa mavzularda har yili o'tkaziladigan tadbirlar dasturlari joriy qilinadi.

Shuningdek, zamon talabiga mos, raqobatbardosh hunarmandchilik suvenirlarini ishlab chiqarish, hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash va yuqori sifatli esdalik buyumlari bilan taʼminlash maqsadida 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab YUNESKO Butunjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari va davlat tomonidan muhofaza qilinadigan tarixiy yoki madaniy yodgorliklar hududlarida faqat mahalliy suvenirlar sotuvi yoʻlga qoʻyiladi.