Mark Tsukerberg AQSh prezidentligini ko‘zlayaptimi?

  • 19:15 / 02.06.2017
  • 35740

2017 yil boshidan Facebook rahbari Mark Tsukerberg AQSh shtatlari bo‘ylab sayohat qilmoqda. U mahalliy aholi vakillari bilan muloqot qilib, birga tushlik qilmoqda, shuningdek o‘z ijtimoiy tarmog‘i auditoriyasi bilan yaqindan tanishmoqda.

Tsukerberg uning kutilmagan sayohatidan maqsadi faqatgina tanishuv ekanini ta'kidlasa-da, ishbilarmonning qarashlardagi o‘zgarishlar bir savolni keltirib chiqaradi: ijtimoiy tarmoq rahbari siyosiy karerani boshlashga tayyorlanyaptimi yoki Facebook'ning biroz putur yetgan nufuzini tiklashga urinyaptimi? TJ shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

 

Prezidentlik haqidagi mish-mishlar

Mark Tsukerberg har yili o‘z oldiga katta maqsad qo‘yadi:

2013 yilda u har kuni yangi inson bilan tanishishga qaror qildi.
2014 yilda - har kuni minnatdorchilik maktubini bitdi.
2015 yilda u shaxsiy kitob klubini ochdi va bir yilda 23 kitobni o‘qib chiqdi.
2016 yilda Tsukerberg deyarli 590 kilometr masofaga yugurdi.
2017 yilning yanvarida esa uning va'dalari boshqacha tus oldi: Facebook rahbari yil oxiriga qadar Amerikaning barcha shtatlarini aylanib chiqish rejasi haqida ma'lum qildi.

O‘shandan buyon g‘arb OAVda ishbilarmonning siyosiy rejalariga doir maqolalar paydo bo‘la boshladi. The Guardian, Vanity Fair va The Atlantic nashrlarida Tsukerberg AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yish haqida o‘ylayotgani va shu boisdan o‘z imidji borasida qayg‘urayotganiga oid nazariya ilgari surildi.

Tsukerbergda ochiq diniy qarashlarning paydo bo‘lishi (busiz hech bir inson hali prezident bo‘lgan emas), faol xayriya faoliyati, prezidentlar kampaniyalarining sobiq menejyerlari bilan hamkorlik va amaldagi hukumatga tanqidiy munosabat natijasida bu nazariya yanada mustahkamlandi.

Bundan tashqari, Facebook rahbarining yaqinda qo‘lga kiritgan nufuzli Harvard universiteti diplomi (u 2005 yilda Harvarddagi o‘qishini tashlab ketgan) jurnalistlarni yanada sergaklantirdi. Rasman olganda oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan inson ham AQSh prezidenti bo‘lishi mumkin, biroq mamlakatning so‘nggi diplomsiz prezidenti 1953 yilda o‘z lavozimini tark etgan Harri Trumen bo‘lgan.

 

Janubiy Karolinadan Viskonsingacha

Mark Tsukerebrgning so‘zlariga ko‘ra, uning AQSh bo‘ylab sayohatidan maqsadi - Facebook birlashtirgan kishilarning aslida qanday yashashini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish.

Mart oyida u 2015 yilda 9 kishi o‘ldirib ketilgan Janubiy Karolinadagi yepiskoplar cherkoviga bordi. Bir oydan keyin Tsukerberg Ohayoda opiat va opioidlar iste'mol qiluvchi, giyohvandlik moddalariga tobe' bemorlar uchrashuvida bo‘ldi (2015 yilda ularning iste'moli natijasida AQShda 33 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi). U Indianadagi voyaga yetmaganlar markazida bo‘lib, qayta tarbiyalashning mahalliy tizimini tanqid qildi. Alabamada Tsukerberg krevetka tutishga yo‘naltirigan kema ekipaji bilan uchrashdi. Missisipida tarixiy qabristonda bo‘ldi, Michiganda musulmonlar bilan Trampning muhojirlar haqidagi qonunini muhokama qildi, Texasda ruhoniylar bilan suhbatlashdi, Dallasda esa - politsiya xodimlari bilan. May oyi boshida Facebook rahbari Viskonsindagi oilaviy fermaga bordi: u sigirlarni shaxsan ovqatlantirib, traktor haydab, yangi tug‘ilgan mushukchalar bilan o‘ynadi va uyda boqilgan qoramol go‘shtidan tayyorlangan taomni tanovul qildi.

Iyun oyiga kelib, Tsukerberg rejadagi 30 shtatdan 15 tasida bo‘ldi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan, Tsukerbergning kelishi haqida bir necha soat avval xabar beriladi. Facebook rahbariga qo‘riqchilar va suratkashlar hamrohlik qilishmoqda. The New York Times'da ta'kidlanishicha, Tsukerberg faol demokrat vakili bo‘lmagan yoki jurnalistlar e'tiboridan chetda qolgan, Donald Trampning tarafdorlari ko‘proq bo‘lgan shtatlarga bormoqda.

Mashable nashri jurnalisti Luis Matsakis Tsukerbergning sayohatini tanqid ostiga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Facebook asoschisi muammolari o‘rganib bo‘lingan stereotip sayyohlik maskanlariga tashrif buyurmoqda va mamlakatga yangicha ko‘z bilan qarashga harakat qilmayapti. Jurnalistning fikricha, Tsukerberg shu yo‘l bilan prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq mojarolardan keyin Facebook'ning nufuzini qayta tiklamoqchi. 

 

2016 yilgi saylovlarga aloqadorlik va hukumat tanqidi

2016 yilda Donald Trampning g‘alabasidan keyin Facebook'ga ayblovlar yog‘ila boshlandi. Go‘yoki feyk yangiliklarning ko‘pligidan saylovchilar nomzodlar to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvur hosil qilishgan va bu Trampning g‘alabasiga ta'sir ko‘rsatgan.

Shuningdek Google va Twitter ham yolg‘on ma'lumot tarqatganlik uchun tanqid qilindi, biroq asosiy nishon aynan Tsukerbergning ijtimoiy tarmog‘iga yo‘naltirildi.

Facebook siyosatchilar, jumladan Barak Obama tomonidan ham qoralandi, Trampdan norozilik hissi esa amerikaliklarning ijtimoiy tarmoqqa bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi. Tsukerberg dastlab ayblovlarni soxta deb atadi, keyinroq esa yolg‘on ma'lumotlarga qarshi kurashni kuchaytirishga va'da berdi.

So‘nggi bir necha yilda Tsukerberg muntazam ravishda turli mamlakatlar rahbarlari bilan uchrashdi. 2011 yilda u AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama bilan muloqot qildi, 2012 yilda Moskvaga borib, bosh vazir Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi. 2014 yilda Hindiston bosh vaziri bilan Facebook'ning ahamiyatini muhokama qildi. 2015 yilda Braziliya prezidenti bilan uchrashdi. 2016 yilning yozida esa, ijtimoiy tarmoqning Xitoyga qaytishi masalasini muhokama qildi, shuningdek Vatikan rahbari bilan suhbatlashdi.

2016 yilning dekabrida nimadir o‘zgardi. O‘shanda Donald Tramp eng yirik texnologiya kompaniyalari vakillari bilan konferensiya o‘tkazdi, Google, Tesla, Apple, Amazon va Facebook shular jumlasidandir. Uchrashuvga asosan kompaniyalar rahbarlari tashrif buyurdi, biroq Facebook nomidan Tsukerbergning o‘rniga direktorlar kengashi a'zosi Sheril Sendberg qatnashdi.

Nima uchun Facebook rahbari uchrashuvga kela olmagani borasida jurnalistlarga aniq javob berilmadi. 2017 yilning yanvarida esa Tsukerberg Trampning muhojirlar haqidagi farmonini tanqid qildi. O‘sha oydayoq u kenja Jorj Bush va Barak Obamalar kampaniyalarining sobiq menejyerlarini ishga yolladi. Ijtimoiy tarmoq rahbari bu qarorini turmush o‘rtog‘i tomonidan asos solingan Chan Zuckerberg Initiative xayriya tashkiloti faoliyati bilan izohladi.

 

Siyosiy karera salohiyati

Qonunga ko‘ra, AQSh prezidenti kamida 35 yoshda bo‘lishi kerak. 2020 yilning noyabrida, ya'ni mamlakatda yangi prezidentlik saylovlariga start berilganida Tsukerberg 36 yoshda bo‘ladi. Uning hozirgi siyosiy qarashlari noma'lum.

Tsukerberg jurnalistlarning taxminlariga javoban 25 yanvardayoq prezident lavozimini ko‘zlamasligini ma'lum qildi. Ishbilarmonning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z e'tiborini Facebook foydalanuvchilari hamjamiyati va Chan Zuckerberg Initiative xayriya loyihasini rivojlantirishga  qaratadi.

Biroq Facebook asoschisi kelgusida qarorini o‘zgartirishi mumkin. 2016 yilgi prezidentlik poygalaridan avval Hillari Klinton ham bir necha marotaba saylovlarda ishtirok etmasligini ta'kidlagandi. Agar Tsukerberg shunday taktikani qo‘llasa, Vanity Fair jurnalisti Nik Bilton uning prezidentlik kampaniyasi tanqidchilarining asosiy tezisini bashorat qildi - shaxsiy ma'lumotlar xavfsizligi. Mark Tsukerbergning kompaniyasi 2 milliarddan ziyod kishilarning shaxsiy ma'lumotiga ega va ularning barchasidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkin.