Markaziy bank: 2020-yil 1-may holatiga aholi qo‘lidagi naqd pul mablag‘lari 25,6 trillion so‘mni tashkil qilmoqda

  • 12:19 / 15.05.2020
  • 77

Markaziy bank tomonidan 2020-yil yanvar-aprel oylari uchun "Naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharh" e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2020-yilning yanvar-aprel oylarida naqd pul aylanmasi hajmi 105,5 trln. so‘mni tashkil etgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 41 foizga oshgan.

2020-yil yanvar-aprel oylarida –

bank kassalariga tushgan naqd pul tushumlari qariyb 52,1 trln.so‘mni tashkil qilgan (shundan, aprel oyida 7,9 trln.so‘m tushib, yanvar oyiga nisbatan 2 baravarga kamayib ketgan);
bank kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali chiqim qilingan naqd pullar 53,4 trln.so‘mni tashkil etgan.

2020-yilning yanvar-aprel oylarida –

bank kartalariga jami 45,8 trln. so‘mlik mablag‘lar kelib tushgan;
bank kartalaridagi 15,0 trln. so‘mlik (shundan, 11,3 trln. so‘mi bankomatlar orqali) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan. 

2020-yil 1-may holatiga muomaladagi (aholi qo‘lidagi) naqd pul mablag‘lari 25,6 trln.so‘mni tashkil qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Markaziy bank sharhida naqd pullarning banklarga oqimini sekinlashuviga karantin davrida:

- fuqarolar, yo‘lovchi tashuvchi transport (mahalliy, temir yo‘l va havo transport) vositalarining harakatlanishiga doir cheklovlar;

- korxonalar, xususan, chakana savdo (oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari), nooziq-ovqat bozorlari va pullik xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyatining vaqtinchalik to‘xtatilishi;

- soliqlar, kommunal xizmatlar, kredit foizlari va boshqa to‘lovlarning to‘lash muddatlari uzaytirilishi kabi omillar sabab bo‘lganligi aytib o‘tilmoqda.