Markaziy bank ayrim metro bekatlarida o‘rnatilgan bankomatlar nega ishlamasligiga izoh berdi

  • 07:04 / 11.09.2019
  • 184

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Banklar assosiasiyasi mutasaddilari ishtirokida “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori ijrosi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqida agentlik rasmiy sayti xabar bermoqda.

Tadbirda Markaziy bank mutaxassislari bank tizimida xizmat ko‘rsatishning bozor mexanizmlari joriy etilayotgani, ularning turlari kengaytirilayotgani, tadbirkorlar hamda aholi uchun moliyaviy ochiqlik ta'minlanayotgani, shuningdek, valyuta ayirboshlash amaliyotlarini amalga oshirishni yengillashtiruvchi yangi bank xizmatlari yo‘lga qo‘yilayotganini ta'kidladilar.

“Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Markaziy bank tomonidan 8 ta qonun va qonunosti hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi”,  – dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Orif Bo‘taev. – Shuningdek, mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida, 2018-yil 1-iyuldan boshlab barcha banklarning xizmat ko‘rsatish hududiga shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz kirish mumkinligi belgilandi.

Markaziy bank mutasaddilarining ta'kidlashicha, o‘tgan yilda tijorat banklari tomonidan mikroqarz berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan va 2019-yilning 1-avgustiga qadar 463 ming kishiga 3 956 mlrd. so‘m miqdorida mikroqarz ajratilgan.

Metrolar va shaharning ayrim joylarida o‘rnatilgan bankomatlarning ishlamasligi, bu borada kim mas'ul ekani va uchrayotgan muammolarni bartaraf qilish borasida qanday choralar ko‘rilayotgani to‘g‘risida savolga shunday javob qaytarildi:

“Bugungi kunda 600 dan oshiq bankomat 24/7 rejimida ishlaydi. Hali ishga tushirilmagan, lekin o‘rnatilgan bankomatlarimiz soni ham ancha. Metrolarda bankomatlarning ishlamasligi texnik sabablarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ya'ni, aloqa kanallari o‘rnatish ishlarini yo‘lga qo‘ymoqdamiz va bu borada metropoliten bilan hamkorlikda choralar ko‘rilmoqda. Lekin alohida ta'kidlab aytaman, savdo markazlari va bank yaqiniga o‘rnatilgan barcha bankomatlar kechayu-kunduz ishlab turibdi.

Shu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida markazlashgan monitoring tizimi o‘rnatilyapti. Unda har bir o‘rnatilgan bankomatlar masofadan turib nazorat qilinadi”, – dedi Markaziy bank to‘lov tizimlari va axborot texnologiyalari departamenti direktori Dilshod Ikramov.