Markaziy bank Boshqaruvi tarkibiga yana bir mustaqil a’zo tasdiqlandi

  • 11:38 / 17.04.2020
  • 87

Markaziy bank Boshqaruvi tarkibiga yana bir mustaqil a’zo tasdiqlandi.
Bu haqda Oliy Majlis Senati Kengashining joriy yil 8-aprelida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Nishanbay Sirajiddinov Oliy Majlis Senati Kengashining qaroriga asosan Markaziy bank Boshqaruvining mustaqil a’zosi etib tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 24-dekabrida ham O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi a’zolari tarkibida o‘zgarish ro‘y bergan va unga ko‘ra, “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori vazifasini bajaruvchi Adham Bekmurodov va Toshkent shahridagi Vestminster universiteti amaliy matematika bo‘yicha magistratura kursi rahbari Ziyodullo Parpiyev bank boshqaruvining mustaqil a’zolari etib tayinlangan edi.

Ma’lumot uchun, Korporativ boshqaruv kodeksiga muvofiq, quyidagilar Aksiyadorlik jamiyatlarida kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi bo‘lishi mumkin: 

so‘nggi besh yil mobaynida AJ, uning shoʻba va affillangan korxonalarida ishlamagan shaxslar; 
AJ, uning shoʻba va affillangan korxonalari aksiyadori bo‘lmagan shaxslar; 
AJ, uning shoʻba va affillangan korxonalari bilan qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining besh ming baravari miqdoridan yuqori summaga tegishli shartnomaga ega bo‘lgan yirik mijozlari yoki mol yetkazib beruvchilari bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxslar; 
AJ, uning shoʻba va affillangan korxonalari bilan xizmat ko‘rsatish yuzasidan shartnomaga ega bo‘lmagan shaxslar; 
AJ, uning shoʻba va affillangan korxonalari rahbarlari bo‘lgan yoki so‘nggi besh yil mobaynida shunday lavozimlarda ishlagan shaxsning oila a’zosi bo‘lmagan shaxslar; 
AJni nazorat qiluvchi shaxs (yoki AJ ustidan jamoa tarzida nazorat olib boruvchi guruh va/yoki tashkilot a’zosi) bo‘lmagan shaxslar; 
AJ bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma orqali bog‘liq bo‘lmagan va AJning sohasi bo‘yicha yuqori turuvchi tashkiloti (kompaniya) yoki yirik aksiyadorining xodimi bo‘lmagan shaxslar.