Markaziy bank mart-aprel oylari uchun valyuta bozoridagi holat yuzasidan axborot berdi

  • 14:11 / 13.04.2020
  • 410

Markaziy bank valyuta bozoridagi joriy holat yuzasidan axborotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yil aprel oyida ichki valyuta bozorida so‘mning xorijiy valyutalarga nisbatan almashuv kursi tebranuvchanligining oshishi kuzatilgan. Bu haqda Markaziy bank Axborot xizmati ma’lum qildi.

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi oy boshiga nisbatan 1,8 foizga oshib, 9 762 so‘mni tashkil etdi (yil boshiga nisbatan 2,7 foizga).

Ma’lumki, so‘mning birja kursidagi o‘zgarishi talab va taklifning ichki va tashqi omillari ta’sirida, birinchi navbatda, joriy operatsiyalar hisobvarag‘i o‘zgarishi asosida shakllanadi.

Shuningdek, koronavirus tarqalishini oldini olish bo‘yicha hamkor davlatlarda va respublikada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida savdo hamda investisiyalar bilan bog‘liq operatsiyalarning sekinlashishi, o‘z navbatida, import-eksport hajmlarining qisqarishiga va mos ravishda ichki valyuta bozorida faollikning pasayishiga olib keldi.

Joriy yilning mart oyida eksport tushumlari hajmi oldingi oyga nisbatan 10 foizga kamaydi.

Karantin choralari va iqtisodiy faollikning sekinlashishi, shuningdek, Rossiya va Qozog‘istonda milliy valyutalar kursining devalvasiyasi tufayli transchegaraviy pul o‘tkazmalarida ham pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Joriy yil mart oyida mamlakatimizga kirib kelgan pul o‘tkazmalari hajmi 296 mln. dollarni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 23 foizga pasaygan bo‘lsa, aprelning dastlabki 8 ish kunida mart oyining mos davriga nisbatan 3 barobarga qisqardi.

Ushbu omillar jismoniy shaxslar bilan operatsiyalar segmentida so‘mning almashuv kursi bo‘yicha ma’lum nisbatan kutilmalarning shakllanishiga olib keldi. Mart oyidan boshlab aholi tomonidan xorijiy valyuta sotib olish hajmining sezilarli darajada o‘sishi kuzatilmoqda.

Xususan, mart oyida jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hajmining oylik o‘sishi 45 foizni tashkil etgan bo‘lsa, aprelning dastlabki 8 ish kunida sotib olish hajmi o‘tgan oyning mos davriga nisbatan 28 foizga ko‘paydi.

Yuqoridagi omillar, shuningdek, asosiy savdo hamkorlar milliy valyuta kurslarining sezilarli darajada qadrsizlanishi natijasida ichki valyuta bozorida milliy valyuta kursining ma’lum darajada qadrsizlanishi va shunga mos ravishda so‘mning asosiy savdo hamkorlar valyutalariga nisbatan real effektiv almashuv kursi tafovutining qisqarishi kuzatilmoqda.

Xususan, joriy yil mart oyidan boshlab Rossiya rublining AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 10,3 foizga, qozoq tengesi – 12 foizga, turk lirasi – 7,6 foizga va qirg‘iz somi – 11,2 foizga qadrsizlandi.

Markaziy bank so‘m almashuv kursining qadrsizlanishi ehtimolini past darajada baholamoqda. Dastlabki prognozlarga ko‘ra, qisqa muddatli davrda so‘m almashuv kursi ma’lum bir kichik o‘zgarishlardan keyin o‘zining fundamental trendiga yaqin darajada shakllanadi.

Shu bilan birga, Markaziy bank tijorat banklari kassalarida konversiya operatsiyalarini amalga oshirish uchun yetarli miqdorda naqd xorijiy valyuta mavjudligini va barcha banknotalar dezinfeksiya qilinganligini ma’lum qiladi. Banklarning ayirboshlash shaxobchalari odatdagi rejimda ishlamoqda va naqd xorijiy valyutani sotish va sotib olish bo‘yicha hech qanday cheklov va to‘siqlar o‘rnatilmagan.