Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 1 foizga pasaytirilishini izohladi

  • 11:53 / 15.04.2020
  • 140

Markaziy bank Boshqaruvining 2020-yil 14-apreldagi qarori bilan asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajasida belgilangan edi.

Ushbu qarorni Markaziy bank tashqi va ichki talabning qisqarishi sharoitida iqtisodiy faollikning sekinlashuvini hisobga olib inflyatsiya prognozlarini pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqilganligi bilan izohlamoqda.

“Joriy yilning ikkinchi choragida va yil so‘ngiga qadar inflyatsiya darajasiga talab omillari tomonidan bosim moʻtadillashishi va kamayishini inobatga olib, inflyatsiyaning yangilangan prognoz ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 2020-yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasi dastlabki prognozdan (12-13,5 foiz) 1 foiz bandga pasayib 11-12,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda”, deya ma’lum qiladi Markaziy bank Matbuot xizmati.
 
Boshqaruvning 5-martdagi yig‘ilishida tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish va koronavirus pandemiyasining inflyatsiyaga taklif omillari orqali ta’siri bilan bog‘liq noaniqliklarning saqlanib qolishi sharoitida asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilgan edi.  

Qayd etilishicha, tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish muddatlarining o‘zgartirilishi hamda joriy iqtisodiy sharoitlar koronavirus pandemiyasining inflyatsiya darajasiga ta’siri ko‘proq talab omillari tomonidan bo‘layotganligin va kelgusida ushbu omillarning pasayuvchi xarakterga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.