“Masdar” Navoiydagi fotoelektr stansiyasi uchun 100 million dollargacha sarmoya kiritadi 

  • 13:35 / 08.11.2019
  • 123

Joriy yil 8-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Masdar” kompaniyasi (BAA) o‘rtasida investitsiya bitimi  imzolandi. Bu haqida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati Xabardor.uz’ga ma’lum qildi.

Bitimga ko‘ra, “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurishga 100 million dollargacha sarmoya kiritadi.

Shuningdek, “Masdar” quyosh energiyasi rivojlanayotgan bozorlardagi eng past tariflarda – har bir kilovatt-soat energiya uchun 2,679 AQSh sent hisobiga yetkazib berish taklifini bildirgan.

Kompaniya loyihani amalga oshirishning to‘liq davri (25 yil) mobaynida elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish ishlarini amalga oshiradi. Qurilish ishlari 2020-yilning birinchi choragida boshlanishi va fotoelektr stansiya 2021-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Kelishuv bo‘yicha konsultant sifatida Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) jalb qilinib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tegishli xujjatlarni ishlab chiqishda va xorijiy mamlakatlarning 40 dan ortiq kompaniyalari ishtirokida tender savdolarini o‘tkazishda ko‘maklashgan.

Vazirlik ma’lumotida keltirilishicha, yaqin oylarda Samarqand va Jizzax viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida quyosh energetikasi sohasida xar biri 200 MVt quvvatga teng bo‘lgan ikki loyiha bo‘yicha tender savdolari boshlanishi kutilmoqda. Bundan so‘ng, 500 MVt quvvat bo‘yicha keyingi bosqich bo‘lib o‘tadi. Umuman olganda, energetika sohasi 1 milliard dollarga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Hukumati 18-oktabr kuni Vashingtonda XMK bilan davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari orqali 900 MVt’gacha quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha tegishli mandatni imzolagan edi. 

Ma’lumot uchun: Masdar kompaniyasi – Abu Dabi Hukumati “Mubadala Investment Company” investitsiya xoldingining sho‘ba korxonasi bo‘lib, dunyodagi qayta tiklanadigan energiya sohasida yetakchi kompaniyalardan biridir. Kompaniyaning amalga oshirilgan investitsiya loyihalari portfeli qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha  4000 MVt’dan ortiq o‘rnatilgan quvvatni o‘z ichiga oladi. 

Xabardor.uz