Matematika yo‘nalishi bo‘yicha magistrlar to‘liq davlat granti asosida tahsil oladi

  • 12:20 / 13.06.2020
  • 617

Avval xabar berganimizdek, “2020–2021-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.  

Qarorga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish, shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Magistraturaga hujjatlar 2020-yil 1-iyuldan 30-iyulgacha qabul qilinadi.

Shuningdek, qaror bilan Farg‘ona viloyatining So‘x tumani uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha davlat granti asosidagi 500 ta o‘rin miqdoridagi maqsadli qabul parametrlari ajratilgan.

Shu bilan birga, qarorga binoan, 2020–2021-o‘quv yilidan boshlab:

– “130 000–Matematika” ta’lim sohasi bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari uchun Davlat buyurtmasi parametrlari to‘liq davlat granti asosida shakllantiriladi;

– davlat granti asosida bakalavriat va magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabalarni o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.