“Matiz” va “Spark” avtomobillari eng ishonchsiz va muammoli deb topildi

  • 16:30 / 22.02.2020
  • 3244

Germaniyaning “TÜV” texnik ko‘rik Assotsiatsiyasi ma’lum vaqt yurgan avtomobillarni o‘rganib chiqib, eng ishonchli va eng ishonchsiz mashinalar reytingini tuzib chiqdi. Assotsiatsiya 9 millionta minilgan mashinalarni o‘rganib chiqib, quyidagi xulosaga kelgan.

“Chevrolet” hamda “Dacia” kompaniyalari (Rossiya bozorida Ruminiya kompaniyasi “Renault” va “Lada” nomi bilan mashhur) bu reytingda o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsata olishmadi. “Porsche” va “Mercedes” brendlari esa turli yosh darajalari bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
 
Masalan “Mercedes-Benz GLC-klass” avtomobili 2-3 yil minilgan avtoulovlar ichida mutaxassislar tomonidan 2020-yilning eng ishonchli avtomobili deb topildi.
 
“Porsche 991” mashinasi 4-5 yil yurgan mashinalar ichida eng ishonchli nomiga sazovor bo‘ldi. 
Biroq, “Chevrolet Spark” hamda “Chevrolet Matiz” avtomobillari mutaxassislar tomonidan eng ishonchsiz va qancha ko‘p yurgani sari muammolari ko‘payib boradigan mashinalar sifatida keltirilgan.
 
Mutaxassislar ushbu mashinalarining tormoz tizimi, yoritgichlari va ko‘p miqdorda motor moyi sarflashini kamchilik sifatida ta’kidlashgan.
 
Eng past bahoni bir qator kamchiliklari tufayli “Dacia Logan I” va “Chevrolet Matiz” avtomobillari o‘zaro bo‘lishib olishdi.